OAV uchun mediatur

// 30.03.2016 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (47.45 KB)

O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mediatur tashkil etildi. Ushbu tadbir doirasida jurnalistlar O'zbekiston Respublikasi hukumati va Jahon banki guruhining «Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» qo'shma loyihasi doirasida energiya samaradorligi yuqori texnologiyalarni joriy etish va energiya tejash jarayonlarini takomillashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. 

Bugun taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlarda barcha turdagi resurslar, jumladan, elektr energiyasi, xomashyo va materiallardan samarali foydalanish masalasi dolzarb bo'lib turibdi. Qazilma boyliklarning ulkan zaxirasiga ega mamlakatimizda energiya tejash va hisobga olish tizimlarini joriy etish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, ilg'or texnologiyalarni qo'llash va sanoatni boshqarish, energiya resurslarini tashish va foydalanishning samarali moliyaviy-iqtisodiy vositalarini ishlab chiqish orqali ushbu maqsadlarga erishilmoqda. 

Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 21 noyabrdagi «O'zbekiston Respublikasining 2013 yilga investitsiya dasturi to'g'risida»gi qarori va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 iyuldagi «Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda. Ushbu hujjatlarga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki Xalqaro taraqqiyot uyushmasining «Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» qo'shma loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va O'zbekiston tijorat banklari kredit mablag'lari samarasida mamlakatimiz sanoat korxonalarining aksariyati mahsulot ishlab chiqarish jarayonida elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini sezilarli qisqartirish imkoniyatiga ega bo'ldi. Mediatur mamlakatimiz sanoatida energetika resurslaridan samarali foydalanish borasidagi ishlar natijalari bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini tanishtirish va buni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi. 

Tadbir doirasida jurnalistlar «Toshkent yog'-moy kombinati», «O'zpaxtasanoat» AJ korxonalari, «Maksam-Chirchiq», «Ammofos-Maksam» aksiyadorlik jamiyatlari va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kabi poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi qator sanoat korxonalarida bo'ldi. 

Qishloq xo'jaligi uchun o'g'itlar ishlab chiqaradigan «Maksam-Chirchiq» va «Ammofos-Maksam» aksiyadorlik jamiyatlarida ishlab chiqarish ob'ektlarining energiya samaradorligini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, «Maksam-Chirchiq» aksiyadorlik jamiyatida «Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» loyihasi doirasida 103 pozitsiyasidagi tabiiy gaz bilan ishlaydigan olovli isitgich 107 pozitsiyasidagi riforming pechining issiqlik apparaturasi blokiga o'tkazildi. Buning samarasida «zangori olov» tejaladi, atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdori qisqaradi. Shuningdek, riforming pechining tutun gazlari issiqligidan foydalanish darajasi oshadi va atmosferaga chiqarilayotgan tutunlar harorati kamayadi. 

«Ammofos-Maksam» aksiyadorlik jamiyatida jurnalistlarga quvvati 800 kilovatt bo'lgan yuqori voltli 5 elektr motorini ancha energiya tejamkor motorlarga almashtirish bo'yicha amalga oshirilgan loyiha natijalari xususida ma'lumot berildi. Avvallari eskirgan uskuna yiliga 24,8 million kilovatt-soat elektr energiyasi sarflagan bo'lsa, quvvati 630 kilovattli yangi qurilmalarning o'rnatilishi samarasida elektr energiyasi iste'molini yiliga 5,2 million kilovatt-soatdan ortiq kamaytirishga erishildi. 

Mediatur yakunida jurnalistlarga «Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish» loyihasi doirasida mamlakatimizdagi 32 sanoat korxonasida jami 81 loyiha amalga oshirilayotgani ma'lum qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu loyihalar yiliga 539 million kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi va 252 million kub metrdan ziyod tabiiy gazni iqtisod qiladi. Shu tariqa mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish va 2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturida belgilangan maqsadlarga erishishga salmoqli hissa qo'shiladi.