“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida “Kimyo atamalarining izohli lugʻatini yaratish” mavzusida navbatdagi ilmiy seminar oʻtkazildi

// 20.06.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (667.96 KB)

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida eʼlon qilingan loyihalar tanlovining 44 turida filologiya, pedagogika va psixologiya fanlari yoʻnalishi boʻyicha “Kimyo atamalarining izohli lugʻatini yaratish” mavzusida bajarilishi bir yilga moʻljallangan amaliy loyihalar tanlovi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazining tilshunos olimlari, “Oʻzkimyosanoat” AJ xodimlari va kimyo sohasi mutaxassislardan iborat ilmiy jamoa tomonidan amaliy loyiha tayyorlandi. Mazkur loyiha natijalari kimyo sanoatiga oid atamalarni davlat tilida yagona shaklda qoʻllash, soha uchun qoʻllanmalar, texnik reglament, kasb standartlari, yoʻriqnoma va boshqa ilmiy-texnik hujjatlarni davlat tilida sifatli ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

Ilmiy seminar doirasida “Kimyo atamalarining izohli lugʻatini yaratish” mavzusida bajarilishi bir yilga moʻljallangan amaliy loyihalar boʻyicha soha mutaxassislarining takliflari tinglandi. Bajarilishi rejalashtirilgan vazifalar ijrosi, istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. Online tarzda oʻtkazilgan ilmiy seminarda tarmoq korxonalarining masʼul xodimlari ham ishtirok etdi hamda ish jarayonida kimyo sohasi boʻyicha oʻzbek tilida muqobilini topmagan atamalar roʻyxatini shakllantirish vazifasi yuklatildi.

Shu oʻrinda, birinchi oʻzbek kimyogar olimasi Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” kitobida yozib qoldirgan xotiralarini eslash oʻrinli: “Men 1930-yildan boshlab, oʻrta maktablar uchun kimyodan darslik yozishni oʻylay boshladim. Buning uchun eng avval kimyo atamalarini ishlab chiqish kerak edi. Shuning uchun men atamalar bilan shugʻullana boshladim va ayni zamonda darslik yozishga ham hozirlik koʻrdim. Rabfaklar va texnikumlar uchun yozdigim “Anorganik kimyo” darsligi bosilib chiqdi. Hajmi 18 bosma toboq boʻlib, lotin harfi ila chop etilgan. Bu kimyo fanidan oʻzbek tilida chop etilgan birinchi darslik edi”. Olima tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahsinga sazovor, albatta. “Kimyo atamalarining izohli lugʻati”ni yaratishda ushbu tajribalardan, albatta, samarali foydalanamiz.

 

Kumush Abdusalamova