O'zbekistonda 2017 yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 960 loyiha amalga oshiriladi

// 17.03.2017 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (48.03 KB)

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 26 dekabrdagi “2017-2019 yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori mahalliylashtirish ko'lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Qaror bilan tasdiqlangan dasturga muvofiq, kelgusi ikki yilda mamlakatimizda 3 milliard 400 million dollarlik qariyb 1 ming 150 loyihani amalga oshirish ko'zda tutilgan.

Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida sanoat kooperatsiyasi hamda mahalliylashtirish jarayonlarini rivojlantirish istiqbollariga bag'ishlangan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Anjumanda Iqtisodiyot, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari mutasaddilari, tadbirkorlik sub'ektlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish iqtisodiyotning barqaror va izchil rivojlanishi, uning tashqi omillarga tobeligini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi samarali texnologiyalarning tatbiq etilishini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2010-2016 yillarda ikki mingga yaqin mahalliylashtirish loyihasining amalga oshirilishi natijasida umumiy import o'rnini bosish samaradorligi 7 milliard 500 million dollardan ko'proqni tashkil etdi.

So'nggi uch yilda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga shaxta vagonetkalari, vakuum nasoslar, ko'tarma kranlar, har xil turdagi o'tga va kislotaga chidamli materiallar, qurilish jihozlari, sendvich panellar, sun'iy sintetik gazonlar, shisha bankalar, butilkalar, kraxmal, non mahsulotlari uchun achitqilar singari yuz turdan ortiq tovarlarning mamlakatimizga olib kirilishi butunlay to'xtatilgan.

Maishiy elektrotexnika mahsulotlari, avtomobil filtr va radiatorlari, po'lat quvurlar, keramik plitalar, tibbiyot ampulalari, poligrafik bo'yoqlar, bolalar o'yinchoqlari, sport anjomlari kabi 350 dan ortiq turdagi mahsulotni chetdan keltirish ikki baravardan ziyodga kamaygan.

Joriy yilda 960 loyihani amalga oshirish hisobiga 6 trillion 500 milliard so'mga yaqin mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan. 122 turdagi o'zlashtirishga taklif etilgan mahsulotlar aniqlangan.

Prezidentimizning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo'ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida belgilangan vazifalarga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlari kesimida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hisobiga import hajmini kamaytirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mahsulotlar importini qisqartirishning qo'shimcha rezervlarini o'rganish jarayoni joriy yilda tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda import o'rnini bosadigan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish hisobiga importni qo'shimcha 23 foizga qisqartirish imkoniyati mavjudligini ko'rsatdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini mazkur jarayonga faol jalb etish maqsadida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mamlakatimizning barcha hududlari imkoniyatlari tahlil etildi. Natijada yillik ishlab chiqarish hajmi 900 milliard so'mlik 400 dan ortiq qo'shimcha loyiha aniqlandi.

Mahalliy xomashyo va resurslardan oqilona foydalanishni rag'batlantirish, eksport salohiyatini rivojlantirish maqsadida mahalliylashtirish dasturiga yangi loyihalarni kiritishning yagona mezon va talablari belgilandi.

Vazirlik rasmiy saytidagi maxsus avtomatlashtirilgan tizim (mineconomy.uz/uz/local) tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni qabul qilish va ko'rib chiqishda qulayliklar yaratish, loyihalarni kiritish jarayonining ochiqligini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Bu yerda mahalliylashtirish dasturlari borasidagi me'yoriy-huquqiy hujjatlar, o'zlashtirishga taklif etilayotgan mahsulotlar va taqdim etiladigan hujjatlar ro'yxatlari bilan tanishish mumkin.

O'zA