O'zbekistonda korxonalarni yangicha toifalash tartibi amalga tatbiq etilishi mumkin

// 03.02.2018 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (45.11 KB)

Amaldagi milliy soliq qonunchiligiga ko'ra, soliq to'lovchilar yuridik va jismoniy shaxslar toifasiga ajratiladi. Xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda O'zbekistonda tez orada yirik soliq to'lovchilar toifasi ham joriy etilishi mumkin.

Yuridik shaxslarning yirik soliq to'lovchilar toifasiga kirishi ularga ko'rsatiladigan davlat xizmatlari sifatining oshishiga xizmat qiladi.

Yirik soliq to'lovchi savollariga to'g'ridan-to'g'ri Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari mas'ul xodimlari tomonidan javob beriladi va davlat xizmatlari ham ushbu idoralar tomonidan ko'rsatiladi.

Davlat soliq qo'mitasi axborot xizmati xabariga ko'ra, soliq davri yakuni bilan hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar summasi eng kam ish haqining 400 ming baravaridan, tovar aylanmasi miqdori eng kam ish haqining 5000 ming baravaridan hamda jami aktivlari qiymati eng kam ish haqining 5000 ming baravaridan kam bo'lmagan soliq to'lovchilar endilikda “yirik soliq to'lovchi” deb topilishi mumkin.

Hozirda mazkur me'yorlar aks etgan hujjat – “Yuridik shaxslarni “yirik soliq to'lovchilar” toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash hamda ular bo'yicha soliq ma'muriyatchiligi funktsiyalarini amalga oshirish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi tayyorlangan. Loyiha ayni paytda O'zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari portalida jamoatchilik muhokamasidan o'tkazilmoqda.

O'zA