“O'zekspomarkaz”da VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi yakunlandi

// 10.11.2014 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (35.52 KB)

Prezidentimiz Islom Karimovning 2007 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq o'tkazib kelinayotgan sanoatchilarning mazkur an'anaviy forumi mamlakatimizning mahalliy xomashyolardan foydalangan holda ishlab chiqarishning yangi tur va yo'nalishlarini rivojlantirish borasidagi yutuqlarini yana bir bor namoyish etdi.

Kooperatsiya birjasi ishtirokchilari korxonalar sanoat tarmoqlari ehtiyojlarini baholab, rivojlanish istiqbollarini belgilash, kelgusi yil uchun mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirish va buyurtmalar portfelini shakllantirish imkoniga ega bo'ldi.

An'anaga ko'ra, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi ikki bosqichda o'tkazildi. Joriy yilning mart-iyun oylarida bo'lib o'tgan birinchi bosqichda hududiy va tarmoq sanoat yarmarkalari tashkil etildi. Ularda 3,8 mingdan ziyod korxona 19 mingdan ortiq turdagi mahsulotlarni taqdim qildi. Yarmarkalarda joriy yilda sanoat kooperatsiyasi asosida mahsulot yetkazib berish bo'yicha 890,5 milliard so'mlik xo'jalik shartnomalari tuzildi. Eksport shartnomalari hajmi esa 260,2 million AQSh dollarini tashkil qildi.

Ikkinchi bosqichda mamlakatimizning 1700 dan ortiq korxona, kompaniya va tashkilotlari tomonidan mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, qurilish, metallurgiya, kimyo, neft-gaz, oziq-ovqat, yengil sanoat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarning 20 mingdan ortiq nomdagi tayyor mahsulotlari, butlovchi buyumlar va materiallari taqdim etildi.

Namoyish etilgan 1000 dan ziyod turdagi tovarlar 2014-2016 yillar uchun tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yil boshidan buyon o'zlashtirilgani e'tiborga loyiq. Ro'yxatga kiritilgan korxonalar 2017 yil 1 yanvargacha bojxona va soliq imtiyozlari hamda preferentsiyalarga ega. Jumladan, ular xorijdan olib kirilayotgan texnologik asbob-uskunalar va ehtiyot qismlar uchun bojxona to'lovlaridan ozod etilgan. Bu mamlakatimiz ishlab chiqarishiga ilg'or xorijiy texnologiyalarni joriy etish va jadal rivojlantirish imkonini bermoqda.

- Import o'rnini bosadigan mahsulotlarni mahalliylashtirish mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishning muhim omili bo'lib, bu yangi ish o'rinlari tashkil etishga yordam bermoqda, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar taqdim qilmoqda, – deydi Buxoro viloyatidagi «Buhoro-Bahor» qo'shma korxonasi direktori o'rinbosari Saidjon Gadoev. – Korxonamiz kooperatsiya asosida turli yuvish va tozalash vositalarini ishlab chiqarmoqda. Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida yangi hamkorlar bilan aloqalarni yo'lga qo'ydik.

“O'zbekcharmpoyabzali” uyushmasining 70 dan ortiq korxonasi zamonaviy kundalik va maxsus poyabzallar, sport inventarlari, ayollar sumkasi kabi ko'plab mahsulotlar taqdim etdi. Sanoat forumida ular mamlakatimiz va xorijiy sheriklar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzdi.

Ta'kidlash joizki, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xomashyo va materiallar yurtimiz iste'molchilari uchun qo'shimcha tenderlar o'tkazmasdan, to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar asosida sotilmoqda.

Forumda dunyoning Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Chexiya, Janubiy Koreya kabi o'nlab davlatlaridagi firma va kompaniyalarining 1200 dan ortiq vakili yurtimiz sanoati salohiyati bilan tanishib, O'zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish bo'yicha ko'plab shartnomalar tuzdi. Ayni paytda ular mamlakatimizda xususiy yoki qo'shma korxona ochish istiqbollarini baholash imkoniyatiga ham ega bo'ldi. Ishlab chiqarishning turli tarmoqlariga ixtisoslashgan korxonalarning bir joyda to'plangani chet ellik ishtirokchilar uchun Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining asosiy afzalliklaridan biri bo'ldi.

Mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, barcha sohalarga zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda. Xususan, avtomobilsozlik sohasida qator qo'shma korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda.

Chunonchi, “MAN Auto Uzbekistan” qo'shma korxonasi va “SamAvto” mas'uliyati cheklangan jamiyati ekspozitsiyalari Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasiga tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg'otdi. Ushbu korxonalar samosval, samosval tirkamalari, shatak, avtokran, shahar va shahar atrofida qatnaydigan avtobus hamda boshqa mahsulotlarni taqdim qildi. Umuman olganda, “O'zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasining o'nlab korxonalari ekspozitsiyalari milliy avtomobilsozligimiz salohiyati, jumladan, import o'rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarimizni keng namoyish qildi.

“O'zeltexsanoat” uyushmasi korxonalari keng ekspozitsiya bilan ishtirok etdi. Jumladan, “Sino” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Foton” davlat unitar korxonasi, “Artel” savdo belgisi ostidagi kompaniyalar guruhi kabi korxonalar stendlari ko'pchilikning e'tiborini jalb etdi. Mamlakatimiz elektr texnika sanoati so'nggi yillarda murakkab maishiy va radiotexnika mahsulotlari – televizorlarning zamonaviy modellari, maishiy va sanoat sovutgichlari, konditsioner, gaz plitasi, changyutgich, energiya tejaydigan lampa, elektr choynak, dazmol va telefon ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi.

etti kun davom etgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining saksonta markazlashtirilgan taqdimoti o'tkazildi. Mamlakatimiz hududlari taqdimotida mahalliy resurslarni o'zlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hamda sanoat tarmoqlarining asosiy korxonalari o'rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Barcha tadbirlar mamlakatimiz vazirlik va idoralari, sug'urta kompaniyalari, banklar, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasiga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida o'tkazildi va ular o'zining malakali maslahat xizmatlarini ko'rsatdi.

Materiallar ishlab chiqarish sektorida aloqani yo'lga qo'yish, tadbirkorlik va novatorlik loyihalarini rivojlantirish maqsadida sanoat yarmarkasi ishtirokchilariga 2014-2015 yillarga mo'ljallangan elektron va qog'oz shaklidagi O'zbekiston sanoat mahsulotlari katalogi taklif etildi. Mazkur katalogda mamlakatimizning 2300 dan ortiq korxonasi va ular ishlab chiqaradigan import o'rnini bosuvchi va mahalliylashtirilgan yangi mahsulotlar haqida ma'lumotlar mavjud.

An'anaviy o'tkazib kelinayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish, tashqi xo'jalik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu yerda o'zaro manfaatli bitimlar tuzish imkoniyati mavjudligi bois birgina o'tgan yilgi forumda sanoat kooperatsiyasi asosida mahsulot xarid qilish bo'yicha qiymati 6,2 trillion so'mlik shartnoma tuzildi. Eksport shartnomalari hajmi 6,3 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. Joriy yilda esa mahsulot sotib olish bo'yicha shartnomalar qiymati o'tgan yilgi ko'rsatkichdan qariyb 1,4, eksport shartnomalari 1,1 marta oshdi. Bularning barchasi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga bugungi kunda xalqaro darajada talab ortib borayotganidan yorqin dalolatdir. 

Sardor Tojiev, A. Yoqubov (surat), O'zA