Tadbirkorlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar

// 01.05.2014 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (63.78 KB)

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan iqtisodiyotimizning 2014 yilga mo'ljallangan asosiy vazifa va ustuvor yo'nalishlari avvalo sohaning yuqori sur'atlar bilan o'sishini ta'minlash, shu maqsadda mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar etishni davom ettirishga qaratilgan.

Buni amalda ta'minlash natijasida mamlakatimizda joriy yilning birinchi choragida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,9 foiz, jumladan, iste'mol tovarlari tayyorlash 12,8 foiz o'sdi. Sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida iste'mol tovarlari ulushi 34,4 foizni tashkil qildi. Bunda tadbirkorlik sub'ektlarining alohida o'rni va salmoqli ulushi bor.

Davlatimiz rahbarining 2014 yil 7 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

«O'zekspomarkaz»da ochilgan ko'rgazmali seminar mazkur hujjat mazmun-mohiyati va uning ijrosini ta'minlash masalalariga bag'ishlandi. O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Adliya, Moliya vazirliklari, Bojxona, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo'mitalari, Markaziy bank, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa mutasaddi vazirlik, idoralar mas'ul xodimlari, Toshkent shahri va viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'ektlari, xorijiy investorlar ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi raisi B.Parpiev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, tadbirkorlik faoliyatini yuritish shart-sharoitlari tobora yaxshilanayotganini ta'kidladi. Bu iqtisodiyotimiz izchil rivoji va aholi farovonligini ta'minlashda muhim o'rin tutmoqda.

Tadbirkorlik sub'ektlariga berilayotgan soliq yengilliklari ularning rivojlanishi va ishlab chiqarish hajmini tobora oshirishiga zamin yaratmoqda. 2014 yil birinchi choragi yakuniga ko'ra yaratilgan soliq imtiyozlaridan 34 mingdan ortiq korxona foydalangan. Natijada ular 2,4 trillion so'm mablag'ini o'z hisobida qoldirish imkoniga ega bo'lgan.

Prezidentimizning yuqorida nomi qayd etilgan farmoniga ko'ra vazirliklar, davlat qo'mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga o'zlarining rasmiy veb-saytlarida tadbirkorlik sub'ektlari bilan o'zaro munosabatlar masalalarini tartibga soluvchi axborotlarni joylashtirish va ularni doimiy ravishda yangilab borish vazifasi yuklatilgan. Bu tadbirkorlik sub'ektlariga kerakli barcha ma'lumotlarni tegishli tashkilotning rasmiy veb-saytidan tezkorlik bilan olishga va o'z faoliyatida foydalanishga ko'maklashadi.

Farmonga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni o'z vaqtida to'lab kelayotgan, ishlab chiqarish sur'atlarining barqaror o'sishi va rentabelligini ta'minlayotgan kichik tadbirkorlik sub'ektlarining moliya-xo'jalik faoliyatini soliq sohasida tekshirishni ta'qiqlash bo'yicha moratoriy muddati 2017 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Ya'ni, ushbu sub'ektlarda 2017 yilning 1 yanvariga qadar tekshirish o'tkazilmaydi. Yuridik shaxslarni tugatish chog'ida qo'zg'atilgan jinoiy ishlar doirasida, shuningdek, byudjet hamda markazlashtirilgan mablag'lar va resurslardan foydalanish bilan bog'liq rejadan tashqari tekshirishlar bundan mustasno.

Yana bir muhim yangilik: 2014 yil 1 iyuldan boshlab ko'p mehnat talab qiladigan tarmoqlar – qurilish materiallari, oziq-ovqat va yengil sanoatda faoliyat yuritadigan kichik korxonalar xodimlarining cheklangan o'rtacha yillik soni 100 nafardan 200 nafargacha oshirilishi belgilab qo'yildi.

Kichik tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan davlat byudjetiga ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashda banklar xizmatlari uchun to'lovlar undirish amaliyoti bekor qilindi.

Bundan tashqari, ilgari xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning soliq, moliyaviy hisobotlarini taqdim etmaslik va ularning ko'rsatilgan manzilda yo'qligi holatlarida tijorat banklaridagi hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalar bevosita davlat soliq xizmati organlari tomonidan to'xtatib turilgan bo'lsa, endilikda buni faqat sud qarori asosida amalga oshirilishi belgilab qo'yildi. Bu tadbirkorlik sub'ektlariga nisbatan ta'sir chorasini kamaytirish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Farmonga asosan investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag'batlantirish maqsadida 2014-2015 yillarda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag'batlantirish samaradorligini oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unga asosan yagona yer solig'ining to'lov muddatlarini 3 martadan 2 martaga qisqartirish yuzasidan qonunchilikka o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish belgilandi. Joriy yilning 2-choragida amaldagi qonunchilikka elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilish muddatini 12 oydan 24 oygacha uzaytirishga doir o'zgartirish kiritilishi nazarda tutilgan.

– O'zbekistonda tadbirkorlar va xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, – deydi «Hanjin Co Ltd» kompaniyasi bosh menejeri, «Eurasia Logistics Servise» qo'shma korxonasi direktori Li Byub Yol (Janubiy Koreya). – Mazkur yo'nalishda zamon talabi va taraqqiyot taqozosidan kelib chiqib yanada keng imkoniyatlar ochishga qaratilgan hujjatlar qabul qilinayotgani e'tiborga molik. Bu bizning qulay muhit va barcha zarur shart-sharoit yaratilgan O'zbekistonga bo'lgan qiziqishimizning ortishiga, yanada yirik loyihalarni amalga oshirishimizga keng yo'l ochadi.

Prezidentimizning shu yil 15 aprelda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko'rsatish bilan bog'liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori ham tadbirkorlik sub'ektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratdi. Qarorga asosan 2014 yil 1 iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyatning va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarning alohida turlari bekor qilinadi. Tartibotlarni rasmiylashtirishning muddatlari va yig'imlari miqdori qisqartiriladi. Ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlarni va litsenziyalarni olish tartibotlari yanada soddalashtiriladi.

Tegishli organlarga 2015 yil 1 yanvargacha bo'lgan muddatda litsenziyalanadigan 19 faoliyat turiga «bir darcha» tamoyilini joriy etish yuklatildi. Joriy yil oxirigacha tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan litsenziya kelishuvlari shartlarini bajarish bo'yicha davriy hisobotlarni elektron shaklda taqdim etib borish uchun dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy etish vazifasi yuklatilgan. Bundan tashqari, 2014 yil 1 oktyabrdan boshlab O'zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida moliya, soliq, statistika va boshqa turdagi hisobotlar elektron tarzda rasmiylashtiriladi. Soliq va boshqa majburiy to'lovlarni, kommunal to'lovlarni litsenziya va ruxsat etish xarakteriga ega hujjatlar bo'yicha ko'rib chiqishda va ularni olishda to'lanadigan yig'imlar va davlat bojlari internet-banking tizimi orqali to'lanadi. Ma'lumotnomalar olish va boshqa interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishni amalga oshirish imkonini beradigan shaxsiy «tadbirkorlik sub'ektining kabineti» ishlashi ta'minlanadi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlik sub'ektlari internet orqali hisob-kitoblarni amalga oshirish, o'zlariga tegishli ma'lumotlarni elektron shaklda olish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Ko'rgazmali seminarda tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar batafsil javob qaytardi.

O'zA, Norgul Abduraimova, 01.05.2014