EKSKLYuZIV: Arab shayxi O'zbekistonga milliardlab dollar miqdorida sarmoya kiritmoqchi

// 14.06.2018 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (47.1 KB)

EKSKLYuZIV: Arab shayxi O'zbekistonga milliardlab dollar miqdorida sarmoya kiritmoqchi

 

Dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri — “Ajlan&Bros Group” yurtimizda o'nlab besh yulduzli mehmonxonalar qurib, ipakchilik va paxta klasterlarini amalga oshiradi. 

 

Sheyx Ajlan Bin Abdulaziz, "Ajlan&Bros Group" kompaniyasi rahbari.

 

–Bizning “Ajlan&Bros Group” kompaniyamiz mavsumiy va kundalik liboslar ishlab chiqarishda hamda erkaklarga mo'ljallangan klassik kiyimlar tayyorlashda dunyodagi eng yirik korporatsiyalardan biri hisoblanadi. Ayni vaqtda o'ndan ortiq mamlakatda o'z vakolatxonamiz bo'lib, ularda to'qqiz mingdan ziyod ish o'rni yaratilgan.

 

evropa va Osiyoning ko'plab davlatlarida qator loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, dunyoning 25 mamlakatining birja bozorida o'z sarmoyamizga egamiz. Shu bois ham dunyoning ko'pgina davlatlarida bo'lganman. O'zbekistonga esa birinchi marta kelishim.

 

To'g'risini aytsam, mamlakatingiz menga juda yoqdi. Tabiati ajoyib, insonlari ham ochiqko'ngil, mehmondo'st ekan. Kelganimga uch kun bo'lgan bo'lsa, Samarqand, Buxoro, Andijon viloyatlarida bo'lib, hokimlar bilan uchrashdim. O'zbekistondagi iqtisodiy-ijtimoiy sharoitlarni o'rganib, hamkorlik qilishga ahd qildim.

 

Ana shu hamkorlik doirasida kamida uchta loyihani amalga oshirishni istayman. Buning uchun dastlab, 2 milliard dollar sarmoya kiritmoqchiman. Biz paxta tolasidan tayyor mahsulot ishlab chiqarganimiz uchun, eng avvalo,  Buxoro va Andijonda 70 ming gektardan maydonda paxta yetishtirib, tizimda klaster qilmoqchimiz.

 

Xususan, yaqin oylarda 100 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritib, Buxoro, Andijon, Samarqand viloyatlarida paxta yetishtirib, toladan mato, undan esa tayyor liboslar ishlab chiqaramiz. Bu loyihani bajarsak, yurtingizda yetti mingta ish o'rni yaratiladi.

 

O'rganishlarim samarasida O'zbekistonning ulkan sayyohlik imkoniyati mavjudligini payqadim. Buxoro, Andijon va Toshkentda besh yulduzli mehmonxona qurishni dilimga tugdim. Hamkorlar ham topildi. Kelgusida bu mehmonxonalar dunyodagi sanoqli, mashhur mehmonxonalar kabi o'z brendiga ega bo'lishiga ishonaman.

 

Yurtingizda korxonalar uchun ko'plab imtiyozlar yaratilgani ham menga juda yoqdi. Misol uchun, “O'zbekipaksanoat” uyushmasiga borganimizda soha korxonalari 2023 yil 1 yanvargacha yagona soliq, yagona ijtimoiy to'lov va bojxona to'lovlaridan ozod qilinganini tushuntirishdi. Bu bizga ma'qul.

 

O'zbekistonda yiliga uch marta pilla yetishtirilayotgani, ipak gilamalar to'qilayotgani, tut bargidan choy, pilla g'umbagidan kosmetik moy olinishi bularning hammasi shu qadar ajoyibki, tasanno aytasan. Avval ipakchilik sohasida ishlab ko'rmagan bo'lsak-da, bunday yangiliklardan hayratga tushdik. Ipakchilik istiqbolli soha ekan. Ana shunday yangiliklarni dunyoga tarqatish, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishda, albatta, o'z hissamizni qo'shmoqchimiz.

 

Hozirda uyushma vakillariga hamkorlik loyihasini taklif qildik. Ular rozi. Nasib bo'lsa, yil oxiriga bitta loyihani bo'lsada, amalga oshirib, O'zbekistonda yangi korxona taqdimotini o'tkazamiz.