Gender tenglik ta’minlanadi

Yangi qonun bilan gender tenglikni ta’minlash kafolatlari yaratilgani O‘zbekistonda bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatdi va bu mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi ilg‘or qadamidan nishonadir.

Gender tenglikni ta’minlash masalasi dunyo bo‘ylab muhim ahamiyatga ega. BMT tomonidan qabul qilingan hujjatlarda, xususan, 2015 yil qabul qilingan 70-sonli rezolyusiyada bu o‘z ifodasini topgan.

BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida mamlakatimizda “O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalari” qabul qilingan.

O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad – “Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”dir.

Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy va boshqa choralarni qamrab oladi. Ushbu vazifalarni bajarish uchun barcha davlat organlari va tashkilotlari, muassasalari, shuningdek, davlat ahamiyatidagi jamoat tashkilotlari mas’ul.

2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida milliy qonunchiligimizda ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, joriy yil 2 sentabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonun bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda “gender” tushunchasiga ta’rif berildi. Unga ko‘ra, gender – xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim, ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihat hisoblanadi.

“Gender” tushunchasining lug‘aviy ma’nosi lotincha “genus”, ya’ni “jins” ma’nosini anglatadi. Agarda, biologik jins insonlarni ayol va erkaklarga ajratadigan bo‘lsa, gender – bu ayol va erkaklarning jamiyatdagi o‘rnini ajratishga qaratilgan. Jamiyatda ayol va erkaklarning o‘z o‘rnini topishi va belgilashi uchun davlat ularga bir xil sharoit va imkoniyat yaratib berishi gender tenglikni ta’minlashda asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan ushbu oliy yuridik kuchga ega qonun hujjatida qonun va huquq ijodkorligi sohasida yangi yo‘nalish – gender-huquqiy ekspertizasi joriy etildi.

Xususan, gender-huquqiy espertizasi normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish hisoblanadi.

Xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari sifatida mazkur qonunning 4-moddasiga muvofiq qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarga teng huquqlik, jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi prinsiplar belgilandi.

Gender-huquqiy espertizani o‘tkazish vakolatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarga yuklatildi. Ularning har biri o‘z faoliyati yo‘nalishidan kelib chiqib normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini tahlil qiladi hamda gender-huquqiy espertiza xulosasini qabul qiladi.

Qonunda normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini tahlil qilishning muhim jihatlari belgilangan. Jumladan, jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish imkoniyati yaratilgan normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasi xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash prinsiplariga muvofiq emasligi aniqlanadi.

Bunday hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlari baholanadi. Normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, kamsitish xususiyatiga ega xavflar aniqlanadi. Ularni bartaraf etishga yo‘naltirilgan tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, gender statistikasini yuritish masalasini belgilash ushbu qonunda aks ettirilgan asosiy normalardan biridir. Unga ko‘ra, davlat statistika organlari gender ko‘rsatkichlari asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holatini aks ettiradigan statistik axborotni yig‘adi, unga ishlov berib, to‘plashni, saqlashni, tahlil va e’lon qilishni amalga oshiradi.

Qayd etish kerakki, qonun yurtimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan yaxlit va asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shuningdek, unda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari kabi masalalar ham belgilandi.

Xususan, xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasi gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi –xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish. Ushbu sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi. Amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha har yili Oliy Majlisga axborot taqdim etadi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash va bu borada xalqaro standartlarga rioya etish sohasida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

Qonunning e’tiborga molik jihati shundaki, unda insonlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashda gender tenglikni saqlashga oid normalar mavjud. Xususan, davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlash, masalan, davlat xizmatida xizmatchilarning lavozim toifalarini hisobga olgan holda bir jinsdagi xodimlarning lavozimlarni egallashi uchun kvotalash tizimini belgilashni nazarda tutuvchi gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni qo‘llashga ruxsat berilishi, davlat organlari rahbarlari lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqligiga rioya etilishi zarurligi kabi talablar belgilandi.

Bundan tashqari, siyosiy partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodlar qo‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanishi nazarda tutildi. Zero, Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga muvofiq ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi kerakligi belgilangan. Ushbu norma xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplariga to‘liq mos keladi.

Qonun bilan iqtisodiy sohada xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari ham belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, davlat organlari va mulk shaklidan qat’i nazar, tashkilot rahbarlari jamiyatning resurslaridan teng foydalanishini ta’minlashi shart. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi.

Darvoqe, qonuniy huquq va erkinliklardan foydalanishda jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik ayrim ijtimoiy munosabatlarga tatbiq etilmaydi. Chunonchi, bola tug‘ish va ona suti bilan oziqlantirish, muddatli harbiy xizmatga chaqirish, gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar, xotin-qizlar va erkaklarning mehnatini muhofaza qilishda reproduktiv salomatlikni saqlash xususiyatlari, kasbiy malakaga doir tavsiyalar berish, qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlari hamda huquqiy jihatdan ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini tartibga solishda farqlarni belgilash jins bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, bugungi kunda gender tenglikni ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi ilg‘or qadamlaridan biri sanaladi. Yangi qonun buning yaqqol dalili bo‘lib, kelgusida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga hissa qo‘shadigan tarixiy hujjat bo‘ldi.

Saxipjamol JOLDASOVA,

yuridik fanlari nomzodi.


So'nggi yangilash sanasi: 03.11.2023