“Oʻzkimyosanoat” hamda “Dehqonobod kaliy zavodi” AJlarining RASMIY BAYONOTI

// 02.10.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (951.54 KB)

Ijtimoiy tarmoqlar va bir qancha Telegram kanallarida tarqalgan, “Zavod omborlaridan chiqayotgan zahar artizan va buloqlarimizni ifloslantirmoqda” mazmunidagi murojaat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Video murojaat va suratlarda aks etgan holat haqiqatdan ham poliyetilen liniya montajidagi nuqson sababli bir necha oy oldin kuzatilgan. Holat zudlik bilan nazoratga olinib, ariq va jilgʻalar quvurdan sizgan shlam qoldiqlaridan (murojaatda zahar deb koʻrsatilgan vaholanki ushbu shlam qoldiqlari tarkibida hech qanday zahar mavjud emas) tozalangan va uning suvlarga tushishining oldi olingan boʻlib, noxush hodisa natijasida relyefga oqgan chiqindi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 202-sonli qarorning 5-bob 19, 20-bandlariga asosan BHM oʻn baravarida, 2 124 401 soʻm kompensatsiya hisoblangan.

Yuqorida taʼkidlangan video murojaat 29.09.2022-yil soat 17:27 da ijtimoiy tarmoqlarga joylangandan soʻng ham jamiyat masʼul xodimlari shu kunning oʻzida joyiga chiqqan holda vaziyatni oʻrganishdi. Oʻrganishlarda jamiyatga tegishli uchastkalardagi quvurlarda shlam qoldiqlarining sizishi bilan bogʻliq holatlar aniqlanmadi.

Xitoyning CITIC kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qurilish meʼyorlari qoidalariga muvofiq qurilgan 1-bosqich doirasidagi shlam yigʻgich havzasi toʻlganligi uchun 2022-yil iyul oyida ishlatilishi toʻxtatilgan. Hozirda 1-bosqichdan chiqadigan shlam qoldiqlari 2-bosqich doirasida qurilgan shlam yigʻgich havzasiga yoʻnaltirilmoqda.

Shlam yigʻish havzalaridan texnologik suvlar sizishini nazorat qilish maqsadida kuzatuv quduqlari burgʻulangan boʻlib, jamiyat tomonidan kuzatuv quduqlarida toʻplangan sizot suvlarining kimyoviy ekoanalitik laboratoriya tahlillari monitoringi muntazam olib borilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Hozirda 1-bosqich doirasidagi shlam yigʻgich havzasi toʻlganligi uchun respublikadagi potensial olim va mutaxassislar bilan birgalikda undagi chiqindini qayta ishlash orqali qoʻshimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish yoʻnalishida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga Beshbuloq qishlogʻi faollari bilan uchrashuv chogʻida bu yilgi qirgʻoqchilik oqibatida qishloqning chorva va lalmi ekinlariga salbiy taʼsirini inobatga olib, ularning iltimosiga asosan chorva va ekinlarni sugʻorish maqsadida qishloqqa qoʻshimcha artizan burgʻi quduqlari qazishga kelishilgan. Hozirda jamiyat tomonidan artizan quduqlarni burgʻilash maqsadida kuduk kazish ishlarini bajaruvchi tashkilotni tanlash boʻyicha amaliy ishlar boshlangan.

Shu oʻrinda, “Oʻzkimyosanoat” AJ ochiqlik va shaffoflik tarafdori ekanligini hamda sohaga oid tezkor, aniq va ishonchli maʼlumotlarga ega boʻlish uchun Jamiyat Matbuot xizmatiga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib oʻtamiz.

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati