“Qo'ng'irot soda zavodi” MChJ tomonidan “A” markali kaltsinatsiyalangan soda ishlab chiqarila boshlandi

// 03.07.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (158.11 KB)

“Qo'ng'irot soda zavodi” MChJda kaltsinatsiyalangan soda ishlab chiqarilishi 2006 yilda ishga tushirilgan bo'lib, shu kungacha “B” markali (“engil”) kaltsinatsiyalangan soda ishlab chiqarilgan.

Joriy yil 30 iyun kuni “Qo'ng'irot soda zavodi”da “A” markali “og'ir” kaltsinatsiyalangan soda olindi. Keyingi 3 kun davomida ishlab chiqarish quvvatlari to'liq rejimga chiqishi rejalashtirilmoqda.

“Og'ir” soda “B” markali (engil) kaltsinatsiyalangan soda kabi kimyoviy tarkibga ega bo'lib, uning sochilish zichligi 0,9-1,1 g/sm3ni tashkil etishi evaziga “engil” sodaga nisbatan uning iste'mol xususiyatlarini oshiradi.

Uning monogidrat usulida olingan kristallari barqaror formaga ega bo'lib, u changimaydi va yuklash, tashish jarayonlarida sochilish zichligi deyarli saqlanib qoladi.

Og'ir soda yengil soda kabi shisha mahsulotlari va sintetik yuvish vositalari ishlab chiqarishda, qurilish mollari tayyorlashda hamda sanoat miqyosida suvning qattiqligini pasaytirish maqsadida qo'llaniladi.

Iyul oyining ikkinchi yarmidan “A” markali kaltsinatsiyalangan soda “Sirdaryo universal oyna” MChJga yetkazib berish va mahsulotni eksportga chiqarish rejalashtirilmoqda.

 “O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati