"Ximiya" podstantsiyasida elektrenergiya ta'minotidagi uzilish "Navoiyazot" AJda barcha ishlab chiqarishlar rejadan tashqari to'xtashiga sabab bo'ldi

// 28.06.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (155.28 KB)

Joriy yilning 28 iyun kuni soat 16:57da “NAVOIY HETK” AJga qarashli “Ximiya” podstantsiyasida qisqa tutashuv sabab 110kVli elektr energiyasi o'chganligi natijasida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Navoiyazot” AJ ishlab chiqarish ob'ektlarida elektr energiyasi uzilishi kuzatildi.

Avtomatik tizim ishlashi natijasida korxonani ta'minlovchi LX-10, LX-4, LX-11, LX-3 liniyalari Issiqlik energiya stantsiyasi liniyasi manbaiga o'tib, soat 17:08da “Ximiya” podstantsiyasi manbaidan qayta o'tishga ruxsat berilib, soat 18:16da “Ximiya” podstantsiyasi manbaiga qayta to'liq o'tildi.

Natijada jamiyatning ishlab chiqarish sexlari, jumladan, PVX kompleksi, Ammiak-3, Ammiak-4, Karbamid, Azot kislotasi, Ammiakli selitra, Xlorid kislotasi, Tiomochevina ishlab chiqarish qurilmalari hamda yordamchi sexlar to'liq to'xtab qoldi.

Hozirda korxona mutaxassislari tomonidan yuzaga kelgan holat bartaraf etilmoqda. Jumladan, havo ajratish, suv ta'minoti, bug'-qozon yordamchi sexlari ishga tushurilib, Ammiak-3, Ammiak-4, Karbamid, Azot kislotasi, Ammiakli selitra, PVX kompleksi ishlab chiqarish sexlarida bosqichma-bosqich qayta ish faoliyatini tiklash ishlari olib borilmoqda.

Yuz bergan to'xtalishlar “Navoiyazot” AJning azotli o'g'itlar ishlab chiqarish hajmlarining kamayishiga va korxonani qayta ishga tushirish vaqtida qo'shimcha sarf-harajatlarga olib keladi.

Ushbu avariyaviy to'xtash natijasida vujudga keladigan kamomadlarga qaramasdan ichki va tashqi bozorlarga belgilangan shartnomalar doirasida barcha majburiyatlar o'z vaqtida bajarilishi ta'minlanadi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati