Neft-gaz va kimyo sanoatini yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi

// 28.02.2019 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (35.45 KB)

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatida olib borilayotgan islohotlar natijadorligini tahlil qilish, ushbu tarmoqlarni tizimli rivojlantirish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazdi.

Mamlakatimizda yoqilg'i-energetika sohalarini uyg'un rivojlantirish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilish bo'yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga ortib borayotgan ehtiyojini qondirishda muhim omil bo'lmoqda.

Joriy yilgi Investitsiya dasturiga mazkur soha bo'yicha umumiy qiymati 27,8 milliard dollarlik 26 ta loyiha kiritilgan. Prezidentimiz ushbu loyihalar bilan har kuni shug'ullanish, ularning o'z muddatida va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash zarurligini ta'kidladi.

Energetika va Moliya vazirliklariga “Sho'rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg'i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi bo'yicha 2,3 milliard dollarlik xorijiy kreditlarning moliyalashtirish shartlarini belgilash, “Sho'rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” loyihasi bo'yicha Rossiya “Gazprombank”ining 300 million dollarlik kreditini jalb qilish vazifasi yuklatildi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho'rtanneftgaz va Gazlineftgaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, neft va gaz qazib chiqarish, geologik qidiruv uskunalarini sotib olish kabi loyihalarga talab etiladigan mablag'larni mamlakatimizning yevroobligatsiyalari hisobidan moliyalashtirish lozimligi ta'kidlandi.

Geologiya-qidiruv ishlari murakkab bo'lgan hududlarga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar jalb qilish talab darajasida emasligi ko'rsatib o'tildi.

Yig'ilishda tizimda to'planib qolgan debitor qarzdorlikni kamaytirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.

Tarmoqning eksport salohiyati tahlil qilinar ekan, bu borada faqat gazga bog'lanib qolmasdan, uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash asosida eksport hajmini oshirish zarurligi ta'kidlandi.

“O'zbekneftgaz” va “O'zkimyosanoat” rahbariyatiga tabiiy gazdan yuqori qo'shilgan qiymatli polimer, polistirol, PET, sintetik kauchuk ishlab chiqarish kontseptsiyasini tayyorlash, joriy yil may oyida Toshkentda bo'lib o'tadigan neft-gaz bo'yicha xalqaro konferentsiyada chet ellik investorlarga taqdim qilish vazifasi yuklatildi.

Yig'ilishda “O'zbekneftgaz” AJ tizimini takomillashtirish bo'yicha takliflar tayyorlash, tariflarni bozor tamoyillari asosida qayta ko'rib chiqish, neft bazalar va hududiy gaz ta'minoti xizmatlari, jumladan, Farg'ona neftni qayta ishlash zavodini ishonchli investorlar boshqaruviga berish bo'yicha aniq choralar ham nazarda tutilishi kerakligi qayd etildi.

Yig'ilishda neft-gaz sohasi bilan uzviy bog'liq bo'lgan kimyo tarmog'idagi ishlar ham tahlil qilindi.

Kimyo sanoatini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish maqsadida umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 33 ta loyiha belgilangan bo'lib, joriy yilda 4 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Prezident kimyo sanoati yuqori rentabelli tarmoq ekanini ta'kidlab, 2019-2025 yillarga belgilangan istiqbolli loyihalarga to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni jalb qilish bo'yicha topshiriqlar berdi.

Jumladan, Qo'qon superfosfat, Qo'ng'irot soda zavodlari bo'yicha xorijiy hamkorlar bilan kelishuvlarga erishish, Yangier shahrida ammiak va karbamid zavodi barpo etish bo'yicha investorlarni aniqlash vazifasi qo'yildi. Kimyo sanoati korxonalarini modernizatsiya qilishni tezlashtirish, mahsulotlar sifatini oshirish maqsadida sohani xususiy mulkchilik asosida rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

“O'zkimyosanoat” rahbariyati bugungi dolzarb masalalardan kelib chiqib, faqat mineral o'g'itlar bilan shug'ullanmasdan, sohani ko'p tarmoqli tizimga aylantirish yo'lida izlanishi kerak. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda yuqori qo'shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, ularning turini ko'paytirish bo'yicha istiqbolli yo'nalishlarni belgilashi zarur, dedi davlatimiz rahbari.

Manba: O'zA