“Navoiyazot” AJ faoliyati so'nggi to'rtinchi avlod texnologiyalari asosida qaytadan tashkil etiladi

// 04.10.2019 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (144.13 KB)

O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish Davlat qo'mitasi veb-saytida «NAVOIYAZOT» aksiyadorlik jamiyati sexlari vaqtincha to'xtatildi» sarlavhali axborot chop etildi. Ushbu axborot respublikaning boshqa saytlarida ham yoritildi. Shu munosabat bilan “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati quyidagilarni ma'lum qiladi:

“Navoiyazot” AJ doimo atrof-muhitga, atmosferaga zararli moddalar chiqishini kamaytirishga yo'naltirilgan O'zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to'g'risida”gi, “Ekologik nazorat to'g'risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to'g'risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida”gi, “Ekologik ekspertiza to'g'risida”gi qonunlari va  O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo'mitasining Davlat ekologik ekspertizasi xulosalari doirasida maqsadli ishlar olib boradi.

“Navoiyazot” AJ sanoatlashgan hududda joylashganligi sababli, korxona tomonidan har yili atmosferaga sanoat tashlanmalarini, oqova suvlarni suv havzasiga tushushini va chiqindilar hosil bo'lishini kamaytirish hamda xom-ashyo va energiya resurslarini tejash, texnologik rejim normasidan chetlanishni oldini olish, atrof-muhitga zararli moddalarni chiqishini kamaytirishga ko'maklashuvchi tashkiliy-texnikaviy chora-tadbirlar ishlab chiqmoqda va uning ijrosini ta'minlamoqda.

Atrof-muhitga ta'sirning o'rnatilgan normativlariga rioya qilinishning idoraviy nazoratini amalga oshirish, sanoat tashlanmalarida, oqova suvlarda zararli kimyoviy moddalar tarkibi ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek, oqova suvlar, changyutgich va gaz tozalash qurilmalari ishining samaraliligini nazorat qilish uchun akkreditatsiyalangan ekoanalitik (sanitar) laboratoriya faoliyat olib boradi. Nazoratni ko'chaytirish maqsadida  ekoanalitik (sanitar) laboratoriya tomonidan korxonaning sanitar-himoya zonasida, Navoiy shahri va korxonaga yaqin joylashgan hududlarda atmosfera havosidan doimiy namuna olinadi.

“Navoiyazot” AJ asosiy sexlari va ishlab chiqarishlari loyihasi “O'zkimyosanoat” AJning barcha tegishli korxonalari qatori 1960 va 1970 yillarda amalga oshirilgan bo'lib, o'zining texnik-iqtisodiy ko'rsatkichlari bo'yicha ikkinchi avlod agregatlariga kiradi, o'sha davrdagi amaldagi normalar va qoidalarga muvofiq ekologik muammolarni yechish keyinchalik korxona tomonidan mustaqil ravishda hal qilingan. 1991 yildan boshlab ishlab chiqarish, sexlar va uchastkalardan foydalanishni  loyihalash O'zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilish talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Dastlabki loyihalarda asosiy mahsulotlarni ishlab chiqarish 1,5 marta kamayganiga qaramay, atmosferaga zararli moddalar tashlamalari va chiqindi suv bilan ifloslantiruvchi moddalar chiqindilari ko'p marta kamaytirilgan. 1980 yillarda statistik hisobot ma'lumotlariga ko'ra, atmosferaga zararli moddalarning yalpi emissiyasi yiliga 20,8 ming tonna, jumladan, azot oksidi 7,7 ming tonna, ammiak 1,25 ming tonnani tashkil etgan. 2018 yilda atmosferaga zararli moddalarning yalpi emissiyasi 6,6 ming tonnani, shu jumladan, azot oksidi 0,86 ming tonnani, ammiak 0,9 ming tonnani tashkil etdi.

Mavjud vaziyatlarni inobatga olgan holda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 apreldagi “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4265-sonli qarori bilan hozirgi kunda korxonada uchta yirik investitsiya loyihasi, eng so'nggi to'rtinchi avlod texnologiyalari asosida amalga oshirilmoqda.

Ammiak va karbamid ishlab chiqarish “Mitsubishi Heavy Industries” va “Mitsubishi Corporation” Yaponiya kompaniyalari konsortsiumi ishtirokida amalga oshirilmokda. 500 ming tonna kuvvatiga ega bo'lgan Azot kislotasi ishlab chiqarishini qurilish loyihasi esa “Casale SA” (Shveytsariya) kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.

Aytib o'tish lozimki, barcha qurilayotgan va rekonstruktsiya qilinayotgan ob'ektlar O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasida atrof-muhitga ta'sirini baholash tartibidan o'tgan va Respublika Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingan.

2019 yilning oxirida yangi qurilayotgan nitrat kislotasi ishlab chiqarishi ishga tushirilishi mo'ljallangan bo'lib, bu ish amalga oshirilgandan so'ng kuchsiz azot kislotasini ishlab chiqaruvchi 5-sonli sexning faoliyati to'xtatilishi rejalashtirilgan. Natijada azot oksidlari tashlamalari kamayishiga erishiladi.

2020 yil iyunida ammiak va karbamid ishlab chiqarishi ishga tushirilgach, 1964-1967 yillarda qurilgan mavjud ammiak ishlab chiqarishi to'xtatiladi va ifloslantiruvchi  moddalar, shu jumladan, ammiak tashlamalari kamayadi.

Joriy yilning 16-25 sentabr kunlari o'tkazilgan tekshirishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi bilan kelishilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi hamda bajarilishi nazoratga olindi.

Shu bilan birga, axborotda keltirilgan ba'zi ma'lumotlarga aniqlik kiritish lozim. Masalan “Navoiyazot” AJga kelayotgan sanoat suvi va shahardan kelayotgan oqova suvlari tarkibida sulfat va mis me'yordan oshib ketganda, korxona faoliyati natijasida hosil bo'lgan oqava suv ham yuqori tarkibga ega bo'ladi. Bugungi kunda sanoat korxonalari va Navoiy shahridagi oqova suvlarni tozalash bilan shug'ullanadigan mavjud biokimyoviy ob'ektlarni rekonstruktsiya qilish va modernizatsiya qilish masalasi hal qilinmoqda.

Texnik audit natijalariga ko'ra, 2015 yildan hozirgi kungacha 11552,5 ming AQSh dollari miqdoridagi uskunalarni almashtirish bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

“Navoiyazot” AJ o'z faoliyati davomida yangi ekologik yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga katta e'tibor qaratib, hududning ekologik barqarorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan kompleks tadbirlarni amalga oshiradi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati