Kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda

// 04.05.2017 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (46.69 KB)

«O'zekspomarkaz»da qishloq va suv xo'jaligi, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste'mol tovarlari hamda eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish komplekslarining tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ochildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20 martdagi “2017 yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ushbu tadbir tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o'rnini bosadigan va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag'batlantirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, barqaror sheriklik munosabatlarini o'rnatish, yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga bo'lgan talabni rag'batlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar sanoatning izchil rivojlanishiga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

Mamlakatimizda mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar ishlab chiqarish, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes sub'ektlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarish korxonalari o'rtasidagi kooperatsiya aloqalari rivojlanib, mahsulot turi va sifati oshmoqda, import o'rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining birinchi bosqichi doirasida har yili an'anaviy ravishda o'tkazib kelinayotgan tarmoqlararo sanoat yarmarkalari bu boradagi ishlar ko'lamini kengaytirishda muhim omil bo'lmoqda.

Joriy yilda tarmoqlararo sanoat yarmarkasida O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, «O'zpaxtasanoateksport», «O'zagrosanoatmashxolding», «O'zbekoziqovqatxolding» hamda «O'zvinosanoatxolding» xolding kompaniyalari, «O'zdonmahsulot», «O'zavtosanoat» hamda «O'zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyalari, «O'zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati, «O'zbekcharmpoyabzali» uyushmasi singari tuzilmalar tarkibiga kiruvchi 950 dan ziyod korxona, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari ishtirok etmoqda.

Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi korxonalari ekspozitsiyasi rang-barangligi bilan ajralib turibdi. Bu yerda 30 dan ortiq sanoat korxonasi 170 dan ziyod mahsulotni namoyish etmoqda. «Suvmash» aksiyadorlik jamiyati turli rusumdagi nasoslarni, «Suvsanoatmash» korxonasi har xil vagonlar, stanoklarni, «Toshkent elektrodvigatel» qo'shma korxonasi elektr dvigatellarini ko'rgazma ishtirokchilari e'tiboriga havola etmoqda.

O'zA