“Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o'tkazilgan ko'kalamzorlashtirish loyihasi doirasida 5500 dona daraxtlar va 40 000 dona gullar ekildi

// 17.03.2020 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (467.1 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimidagi korxona va tashkilotlar hamda ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostidagi ko'kalamzorlashtirish loyihasining navbatdagi tadbiri joriy yilning 14 mart kuni “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatida tashkil etildi.

“Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” loyihasi doirasida “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yangidan tiklangan va korxona ishchilari istiqomat qiladigan ko'pqavatli uylar hududida shunigdek, korxona hududi va Chirchiq daryosi sohil bo'yida mevali daraxtlar, gul ko'chatlari hamda manzarali daraxtlar ekildi.

“Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimiz kimyo sanoatining dastlabki korxonalaridan biri hisoblanadi. Joriy yilda korxona tashkil topganligining 80 yilligi nishonlanadi.

“Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarish sexlarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, ularning quvvatlaridan oqilona foydalanish va energiya tejaydigan, ekologik xavfsiz texnologiyalarni joriy etish, eksportga mo'ljallangan, import o'rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko'paytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, keyingi yillar mobaynida karbamid sexida texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimi joriy etildi. Ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash dasturi bo'yicha elektr energiya bilan ta'minlovchi transformatorlarga energiya tejovchi uskunalar o'rnatildi. Ammiak ishlab chiqarish sexini boshqarish avtomatlashtirildi. “Zichligi past ammoniy nitrat (g'ovakli selitra) ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasi asosida korxonada g'ovakli selitra ishlab chiqarish sexi qurilib, ishga tushirildi. Hozirgi kunda bu sex mahsulotining deyarli 90 foizi eksportga yo'naltirilgan.

Korxonada “Xom-ashyo tayyorlash uskunalarini rekonstruktsiya va modernizatsiya qilish orqali mineral o'g'itlar ishlab chiqarish hajmini oshirish” loyihasi amalga oshirildi. Natijada ammiak ishlab chiqarish uchun sarflanadigan elektr energiyasi va tabiiy gazni tejashga erishildi. 

Bugungi kunda korxonada karbamid, ammiak selitrasi, ammoniy sulfati,  turli kislotalar, kimyoviy reagentlar singari qirq xildan ortiq mineral o'g'it va kimyoviy mahsulotlar tayyorlanmoqda. Mahalliylashtirish dasturi doirasida magniy sulfati, magniy nitrati, modifikatsiyalashtirilgan g'ovakli selitra, kaliy sulfati, oltingugurt-magniy qo'shilmali karbamid singari yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o'zlashtirildi. Ayni kunda korxona mahsulotlari dunyoning 16 ta davlatiga eksport qilinmoqda.

Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish maqsadida korxonada “Atrof muhitni boshqaruv nizomi” ishlab chiqilgan.

Oxirgi yillarda korxonaning ishlab chiqarish faoliyatining atrof- muhitga ta'siri sezilarli darajada kamaydi. 2019 yil yakunlariga ko'ra atmosfera havosiga tashlanuvchi zararli moddalar belgilangan chegaraviy me'yordan 3,9 marotaba kamayishiga erishildi.

Havo havzasini uzluksiz nazorat qilish uchun “Maxam-Chirchiq” AJda “Chilgert” turidagi 11 dona gaz tahlil uskunalari o'rnatilgan.

Ma'lumotlar nazorat asboblaridan haqiqiy vaqt rejimida (onlayn) O'zbekiston Respubikasi O'zgidrometga beriladi.

Korxonaning sanitar laboratoriyasi xodimlari tomonidan korxona sanitarariya-himoya zonasini hamda Chirchik shahar va unga yondosh hududlarini atmosfera havosini nazorati 2 ta maxsus ekolaboratoriya avtomashinasida har ikki soatda zamonaviy “EKOLAB” gazoanalizatori orqali amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi PF-5863-sonli farmoni ijrosini ta'minlash hamda “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona, tashkilotlar va ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida ko'kalamzorlashtirish loyihasini yuqori saviyada o'tkazish maqsadida joriy yilning mart oyi “O'zkimyosanoat” AJ tizimida “Ko'kalamzorlashtirish oyligi” deb e'lon qilinganligi munosabati bilan loyihasi doirasida korxona va unga yondosh hududlarda ekiladigan daraxtlar soni 5500 donani, gullar  40 000 donani tashkil etadi.

2020 yil 1 yanvar holatiga ko'ra, “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati va unga yondosh xududlarda ekilgan daraxtlarning umumiy soni - 13294 dona bo'lib, ulardan mevali daraxtlar soni 1274 dona, manzarali daraxtlar soni 12020 tani hamda ekilgan mavsumiy gullar soni -12000 tani tashkil etadi.

Zero, loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad korxona-tashkilotlar joylashgan hududning ekologik holatini yanada yaxshilashga ko'maklashish hamda atrof-muhitni manzarali daraxtlar bilan boyitish hisoblanadi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati