“Oʻzkimyosanoat” AJ tizimi korxonalari tomonidan Davlat kafolati ostida xorijiy mamlakatlar moliyaviy institutlaridan jalb qilingan kredit mablagʻlari toʻgʻrisida maʼlumot

// 13 May 2022 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (410.41 KB)

 “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimi korxonalarida davlat kafolati ostida umumiy qiymati 2,4 mlrd dollarga teng boʻlgan 7 ta investitsion loyihasi amalga oshirilib, xorijiy mamlakatlar moliyaviy institutlaridan 1 451,6 mln dollar (61%) mablagʻ jalb qilingan.

2022-yil 1-may holatiga tarmoq korxonalarimiz tomonidan reja grafiklariga muvofiq 430,7 mln dollar (asosiy qarz 285,3 mln dollar), shu jumladan, 2022-yil yanvar-aprel oylarida 79,4 mln dollar toʻlovlar amalga oshirilib, korxonalarning tashqi qarzdorligi 1 166,3 mln dollarni tashkil qilmoqda.

Shu bilan birgalikda, 2022-yil yakuniga qadar yana 81,5 mln dollar toʻlovlar amalga oshirilishi kutilmoqda.

Jalb qilingan xorijiy kreditlarning 52 foizi (758,9 mln dollar) Xitoyning “Eksimbank” bankidan, 40 foizi (580,5 mln dollar) Yaponiyaning JBIC hamda boshqa moliya institutlari, 8 foizi (112,2 mln dollar) Germaniya va Shveysariya banklaridan jalb qilingan kreditlar hisobiga toʻgʻri keladi.

Loyihalar kesimida koʻrib chiqadigan boʻlsak, jami tashqi qarzning 73 foizi (1 066,5 mln doll.) “Navoiyazot” AJ tomonidan ammiak va karbamid hamda azot kislotasi ishlab chiqarish majmuasini qurish, polivinilxlorid (PVX) kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini barpo etish loyihalarini amalga oshirish doirasida, 10 foizi (151,5 mln doll.) “Dehqonobod kaliy zavodi” AJning qurilishiga, 11 foizi (156,4 mln doll.) “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJni qurishga, 5 foizi (77,1 mln doll.) “Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ QKning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish uchun yoʻnaltirilgan.

Mazkur loyihalarning ishga tushirilgandan bugungi kunga qadar 6 030 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi, 756 mln dollarlik ekvivalentda mahsulotlar ishlab chiqarilib, 576,1 mln dollarlik mahsulotlar eksportga yoʻnaltirildi hamda davlat byudjetiga 136,5 mln dollar ekvivalentda soliq toʻlovlari toʻlab berildi.

Iqtisodiy samara sifatida loyihalarning amalga oshirilganligi hisobiga tashqi qarz kreditlari boʻyicha toʻlovlar toʻliq amalga oshirilgunga qadar 7,6 mlrd dollarlik ekvivalentida mahsulotlar ishlab chiqarilib, respublikada mazkur mahsulotlarga boʻlgan talab toʻliq qondiriladi. Jumladan, 2,3 mlrd dollar eksport hisobidan valyuta mablagʻlari tushumiga erishilib, byudjetga qoʻshimcha 930,4 mln dollar ekvivalentda soliq toʻlovlarining amalga oshirilishi taʼminlanadi.

Bundan tashqari, “Navoiyazot” AJ misolida koʻradigan boʻlsak, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hisobiga jamiyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxida energiya resurslar ulushi 65-70 foizdan 47-55 foizgacha pasaytirilishiga erishildi. Jumladan, jamiyatning jismonan eskirgan ammiak va azot kislotasi ishlab chiqarishining 1-2 navbatlarining oʻrniga yangi ammiak va azot kislotasi ishlab chiqarishi quvvatlarning ishga tushirilishi natijasida 2020-yildan 2022-yilning aprel oyiga qadar 389,5 mlrd soʻm miqdorida 1 078,3 mln kVt elektr energiyasining va 356,8 mlrd soʻm miqdorida 2,5 mln Gkal issiqlik energiyasining iqtisod qilinishiga erishildi.

2021-yilda polivinilxlorid (PVX) mahsulotini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi natijasida 51 ming tonna mazkur mahsulot ishlab chiqarilib, ichki isteʼmolchilarga yetkazib berildi va buning natijasida qariyb 55 mln dollarga importni qisqartirishga erishildi. Joriy yilda ushbu koʻrsatkich 1,9 barobarga oshishi hamda 116 mln dollarga import qisqartirilishi kutilmoqda.

2020-yil yakunida ishga tushirilgan ammiak va karbamid majmuasi ham oʻz samarasini bera boshladi. 2021-yilda qiymati 171 mln dollarga teng boʻlgan 426 ming tonna karbamid va 313 ming tonna qoʻshimcha ammiakli selitra mahsuloti ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2022-yildan boshlab mazkur majmuaning toʻliq quvvatda ishlatilishi hisobiga qishloq xoʻjaligi isteʼmolchilariga mineral oʻgʻitlar barqaror yetkazib berilishi taʼminlanib 188 mln dollar ekvivalenti qiymatida qoʻshimcha 500 ming tonna karbamid hamda 315 ming tonna ammiakli selitra mahsuloti yetkazib berilishi kutilmoqda. Bu esa, oʻz oʻrnida, agrotexnik tadbirlar oʻz muddatlarida oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga mineral oʻgʻitlarning uzilishlarsiz yetkazib berish, respublikamizning azotli oʻgʻitlarga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirilishi, shu bilan birga, qoʻshni respublikalarga va uzoq xorijiy davlatlarga eksport qilish imkoniyatini yaratdi.