55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi, 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasi hamda 6-Kavkaz matematika olimpiadasi g'oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi

// 01.05.2021 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (230.33 KB)

Bugun O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda 55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi, 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasi hamda 6-Kavkaz matematika olimpiadasi g'olibi bo'lgan o'quvchilarni taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari U.Sharifxadjaev, “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi J.Mirzamahmudov, O'zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vaziri o'rinbosari Ya.Abdulxakov, “Kitob markazi - Kitob dunyosi” tarmoq savdo markazlari muassisi, jurnalist Sh.Axundjanov, Xalqaro fan olimpiadasi g'oliblari va ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etdi.

2021 yil 20-26 aprel kunlari 28 ta davlat o'quvchilari o'rtasida onlayn tarzda o'tkazilgan 55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi O'zbekiston sharafini 7 nafar o'quvchi himoya qilib, ularning barchasi sovrindorlar qatoridan joy olganini alohida ta'kidlab o'tish lozim. Yakuniy natijalarga ko'ra, Vatanimiz sharafini himoya qilgan o'quvchilar 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallar bilan taqdirlandi.

Olimpiadada Ruminiya, Avstriya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Bolgariya, Isroil, Xorvatiya, Vengriya, Saudiya Arabistoni, MDH mamlakatlari va boshqa mamlakat jamoalari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz o'quvchilari Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida so'nggi uch yil davomida oltin medal bilan taqdirlanishmoqda. Bu yilgi oltin medal esa ilk marotaba maktab o'quvchisi tomonidan qo'lga kiritildi.

2021 yilning 12-17 mart kunlari masofaviy tarzda o'tkazilgan 6-Kavkaz matematika olimpiadasida ham O'zbekiston Respublikasi sharafini himoya qilgan o'quvchilar 5 ta medalni ya'ni 4 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo'lga kiritganligi yana bir yutug'imizdan bo'ldi.

Shuningdek, 2021 yilning 8-12 yanvar kunlari masofaviy tarzda matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasida 21 ta davlatdan ishtirok etgan 1006 nafar ishtirokchilar orasidan 13 nafar mamlakatimiz o'quvchilari olimpiada yakuniga ko'ra 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 10 ta bronza medallarini qo'lga kiritdi. Xalqaro olimpiadada turli davlatlardan jami 300ga yaqin o'quvchilar ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro olimpiada 2005 yildan boshlab har yili Qozog'istonning Olma-ota shahridagi Fizika-matematika milliy maktabida tomonidan o'tkazilib kelinmoqda, unda turli davlatlar jamoalari 3 nafar matematika, 2 nafardan fizika va 1 nafar informatika va axborot texnologiyalari fanlarini chuqur o'zlashtirgan o'quvchilardan iborat jamoalar qatnashadilar.

Hozirda mamlakatimiz iqtisodiyotining deyarli barcha tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida islohotlar faol amalga oshirilmoqda.

Jumladan, davlatimiz rahbari boshchiligida kimyo sanoatida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yangi turdagi yuqori qo'shilgan qiymatli eksportbop kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Kimyo korxonalaridagi davlat ulushini qisqartirish, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari hamda moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish hisobiga tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish respublika kimyo sanoatini transformatsiya qilishning asosiy yo'nalishlari etib belgilab olingan.

Ushbu islohotlarni amalga oshirishda mamlakatimiz yoshlarining o'rni katta. Bugungi kunda “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxona-tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 33 mingga yaqin xodimlarning uchdan bir qismi ya'ni 10 ming nafarga yaqinini faol va iqtidorli yoshlar tashkil etadi.

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi J.Mirzamahmudov olimpiada g'oliblari bo'lgan iqtidorli yoshlarni erishgan katta yutuqlari bilan tabriklab, barchani D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali talabalari qatorida ta'lim olishga va Filial faoliyati bilan yaqindan tanishishga taklif etdi.

Tadbir so'nggida 55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi, 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasi hamda 6-Kavkaz matematika olimpiadasi g'oliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg'alar bilan taqdirlandi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati