"O'zkimyosanoat" AJ

1 mart — atoqli shoira Zulfiyaxonim tavallud topgan kun

https://uzkimyosanoat.uz/oz/manaviyat/ajdodlarga-ehtirom/zulfiyaxonim

O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 mart kuni Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Shoira xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan vaqtlaridayoq (1931—1934) adabiy to‘garaklarda she’rlar mashq qila boshladi. 1935—1938 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi.  So‘ngra 1938—1948 yillarda Bolalar nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Dav-lat nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, 1950—1953 yillarda esa «O‘zbekiston xotin-qizlari» («Saodat») jurnalida bo‘lim boshlig‘i. 1953—1980 yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishladi.Zulfiya 17 yoshida yozgan «Xayot varaqlari» (1932) birinchi she’rlar to‘plami bilan Oydin, Muzayyana Alaviya, Xosiyat Tillaxonovalar safiga kirib keldi.Zulfiyaning ijodiy kamolotida o‘zbek va rus mumtoz adabiyoti, xalq og‘zaki ijodiyoti va jahon adabiyoti an’analarining roli benihoya bo‘ldi.Shoira «She’rlar» va «Qizlar qo‘shig‘i» (1938) kabi poetik asarlarini ona-Vatan va uning dala, cho‘llarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, mexanik, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bag‘ishlaydi. Ayni chog‘da mazkur to‘plamlardagi she’rlari shoiraning she’riy mahorat sirlarini egallayotgan davrini xarakterlovchi asarlar sifatida ham muhim edi.Urush davrida shoiraning «Uni Farhod der edilar» (1943), «Hijron kunlarida» (1944) kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar qatoriga dadil kirib kelayotganligidan nishona edi. To‘plamdagi she’rlar vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va g‘alabaga ishonch ruhida yaratilganligi bilan xarakterlidir. Zulfiyaning «Mening Vatanim», «Qo‘limda qurolu ustimda shinel», «Bizni kut» kabi umidbaxsh she’rlari urush davri o‘zbek she’riyatining jangovar ruhini ifodalovchi asarlar qatoridan o‘rin olgan.Shoiraning urushdan so‘nggi yillarda yozilgan «Dalada bir kun» (1948), «Tong qo‘shig‘i» (1953) kabi bir qator she’rlar turkumi, «Men tongni kuylayman», «Yuragimga yaqin kishilar» (1958), «Kuylarim sizga» (1965) to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi. Uni «So‘roqlaydi shoirni she’rim» (1960), «Oydin» (1953), «Quyoshli qalam» (1967) kabi ocherk va dostonlari H. Hakimzoda, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustoddarning yorqin xotiralariga bag‘ishlangan. Zulfiya H. Olimjonning «Semurug‘», «Zaynab va Omon» dostonlari asosida pesa va opera librettosini ham yaratgan.Zulfiya «Uylar», «Shalola» kabi she’riy majmualari uchun Hamza nomidagi respublika Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. Hind mavzuidagi she’rlari uchun Javoharlal Neru nomidagi xalqaro sovrin, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun xalqaro «Nilufar» mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shoira Hindiston, Yugoslaviya, Shri Lanka, Misr, Birma, Avstriya kabi mamlakatlarda bo‘ldi. U 1956 yilda Osiyo va Afrika yozuvchilarining Dehlida o‘tkazilgan birinchi konferensiyasida qatnashib, mashhur «Mushoira» (1958) asarini yaratdi.Uning she’rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shoira Nekrasov, Lermontov, V. Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognetsvet, M. Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.Atoqli shoira 81 yoshida, 1996 yil 1 avgustida vafot etgan.


Deydilarki, seni ko‘rganda
Ko‘zlarimda yonar jonli o‘t,
O‘sha o‘tning yolqinlarida
Sendan o‘zga bor narsa unut.

Mudom dilga sodiq ko‘zlarim
Haqiqatni ko‘mishi qiyin.
Ko‘zlarimda, qonimda kezgan
O‘sha sevinch, o‘sha olov sen.

Mayli, o‘zing mendan uzoqda,
Lekin dilning o‘ti bo‘lib qol.
Mening kuyim emas tuzokda,
She’r kerakmi, jon kerakmi, ol!

1944


YULDUZ

Uyda bo‘g‘ildimu chiqdim eshikka,
Yer ustiga cho‘kkan oqshomgi tuman,
Go‘yo ko‘zlarimga boqqanday tikka
Yashnardi bir yulduz xuddi sensimon.

Xuddi senday uzoq va senday yorqin,
Avji chaqnaganda so‘nadi u ham,
Bir yupanch: sevgimning osmonidan
O‘chmasdan yonasan, ey go‘zal hamdam!

1944


O‘RIK GULLAGANDA

«Terazamning oldida bir tup
O‘rik oppoq bo‘lib gulladi…»
Gulni ko‘rib ishqparast qalbim,
Ming aytilgan darddan kuyladi.

Seni qo‘msab oqshom chog‘ida
Hijron qo‘shar ekan harorat.
O‘lgudayin mushtoq bo‘libman —
Visolingga, yo‘q chog‘i toqat.

Seni qo‘msab oqshom chog‘ida
Kirib keldim shu tanish uyga.
Biz bir choqlar yashagan uyda
Tunab qoldim xayol-la birga.

Buncha issiq, buncha ham shinam
Yoshlik kechgan torgina shu joy.
Bunda yashar ajib onlardan,
Ishq-la o‘tgan tunlardan chiroy.

Har burchagi elitar hushim,
Naqadarlik oshno, yaqin.
Xuddi tunda kamolga yetgan
Qo‘shig‘ingda chaqnagan chaqin.

Bunda hayot — ilhom onlari
Qalamingdan to‘kilgan gavhar.
Gul bo‘yini olganda shamol
Rashkka to‘lib to‘ngan u ko‘zlar.

Sen tugatgach chanqoqlik bilan
O‘qib maftun bo‘lganim hayot.
«Qalay degan» bo‘lib termulgan
Ko‘zlaringning otashi hayot.

Hali hayot, takror o‘qirkan
Zavqqa to‘lib yayragan ko‘ksim.
Yuzingdagi ulug‘vor, mayin,
Bir jahonga arzir tabassum.

Bari hayot, muhabbat kabi,
Hamma yerda ko‘rinar izing.
Parrandalar nag‘ma kuyida
Jaranglaydi tovushing, so‘zing.

Meni o‘rab oldi hayajon,
Yana ortdi sevgining kuchi.
Sharq qizarib, chiqmoqda quyosh,
Oltinlandi terakning uchi.

Sen kuylagan o‘rik shu kecha
Burkandi oq — oppoq chechakka.
Men qadrdon xotira bilan
Jo‘nab ketdim uyimga yakka.

1947


BAHOR KЕLDI SЕNI SO‘ROQLAB

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor.

Qancha sevar eding, bag‘rim, bahorni,
O‘rik gullarining eding maftuni.
Har uyg‘ongan kurtak, hayot bergan kabi
Ko‘zlaringga surtib o‘parding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni,
Ul ham yosh to‘kdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, bo‘lib shabboda,
Sen yurgan bog‘larni qidirib chiqdi.
Yozib ko‘rsatay deb husn-ko‘rkini,
Yashil qirg‘oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay sabri tugab bo‘ron bo‘ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog‘laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog‘ning toshini.

So‘ngra jilo bo‘lib kirdi yotog‘imga,
Hulkar va Omonning o‘pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan zafar yonog‘imga
Sekin xabar berdi menga o‘zidan.

Lekin yotog‘imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana yel bo‘ldi-yu, kezib sarsari,
Mendan so‘ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo‘shig‘i mavjlanib bir daryo oqqan?
«Baxtim bormi deya», yakkash so‘roqlab
Meni she’rga o‘rab suqlanib boqqan?

O‘rik gullariga to‘nmaydi nega
Yelda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho‘x na’shidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko‘klamda sen parishonxol?»

Qanday javob aytay, loldir tillarim,
Baridan tutdim-u, ketdim qoshingga.
U ham gaming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamdan tutoqib daraxtga ko‘chdi,
Kurtakni uyg‘otib so‘yladi g‘amnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar g‘unchasini etdi chok-chok.

Gul-u rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo‘shiq.
Bu qo‘shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to‘liq.

Bahorgi burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo‘shqin zabardast.
O‘lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.


Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!


SOG‘INIB

Shu kunlarda bahorga zorman,
Navjuvonlik o‘ti tanda yo‘q.
Kuz singari za’far ruxsorman,
Mevalar ham shoxlardan uzuq.

Shu kunlarda bahorga zorman,
Tanxastalik ezadi ruhim.
Tanho emas, qatorda borman,
Yana neni izlaydi suqim?

Shu kunlarda bahorga zorman,
Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul.
Yaxshiyamki, qalamga yorman,
So‘zlab turar bor dilimni ul.

Shu kunlarda bahorga zorman,
O‘z bahorim kabi bemisol.
Bahor qaytmas, yonuvchi qorman,
Yo no‘noq qo‘l butagan nihol.

Shu kunlarda bahorga zorman…
1968