"O'zkimyosanoat" AJ

Shveytsariyada boʻlib oʻtgan nufuzli Xalqaro kimyo olimpiadasida Oʻzbekistonlik oʻquvchilar medallarini qoʻlga kiritishdi

// 26.07.2023
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/xalqaro-kimyo-olimpiadasi-medallari

Joriy yilning 16-24-iyul kunlari Shveytsariyada boʻlib oʻtgan nufuzli Xalqaro kimyo olimpiadasida Oʻzbekistonlik oʻquvchilar 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritishgan edi.

Bugun tongda Oʻzbekiston terma jamoasi aʻzolari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan tashkil qilingan tadbirda oʻquvchilarning ota-onalari va yaqinlari, ular taʻlim oladigan maktablar vakillari hamda ustozlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Eslatib oʻtamiz, 90 ga yaqin davlatdan 350 nafarga yaqin oʻquvchi ishtirok etgan olimpiadada Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchisi Azizbek Nazarov hamda Uchtepa tumanidagi 81-maktabning 10-sinf oʻquvchisi Abdulloh Mahmudov oltin medal, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf oʻquvchisi Shahzoda Hakimova kumush medal hamda Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf oʻquvchisi Sohibjon Dilmurodov bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

Shuni ham taʻkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oltin medal olgan oʻquvchi bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari (165 mln soʻm), ustozi 450 baravari(148,5 mln soʻm) miqdorida, kumush medal uchun oʻquvchi 300 baravar (99 mln soʻm), ustozi 250 baravar (82,5 mln soʻm) hamda bronza medal uchun oʻquvchi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 mln soʻm), ustozi 150 baravar (49,5 mln soʻm) pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Shu bilan birga, Xalqaro olimpiada gʻoliblari OTMlarga imtiyoz bilan grant asosida oʻqishga qabul qilinadi.