"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJda AQSHning “Honeywell UOP” kompaniyasi bilan ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi

// 29.07.2022
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/uzkimyosanoat-ajda-aqshning-honeywell-uop-kompaniyasi-bilan-ikki-tomonlama-muzokaralar

Joriy yilning 28-iyul kuni “Oʻzkimyosanoat” AJda AQSHning “Honeywell UOP” kompaniyasi vakillari bilan samarali ishlab chiqarishni tashkil etishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va Oʻzbekiston Respublikasi hududida kimyo sanoati sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi.   

Uchrashuvda “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan bugungi kunda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan, jahon bozorida yuqori talabga ega kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda MTP va MTO kabi yuqori samarali texnologiyalardan foydalanish boʻyicha qator investitsiya loyihalari ustida ish olib borilayotganligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, muzokaralar davomida yurtimiz kimyo korxonalarida ishlab chiqarish va energiya samaradorligini oshirish, qolaversa, atrof-muhitga taʼsirni kamaytirish maqsadida ilgʻor texnologik yechimlar, avtomatlashtirish va raqamli transformatsiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. “Oʻzkimyosanoat” AJda avtomatlashtirish va raqamli transformatsiyalarni joriy etish boʻyicha ishlar boshlanib, bu borada loyiha ofisi ham tashkil etilgan boʻlib,  “Honeywell UOP” kompaniyasi mazkur loyiha ofisi bilan yaqindan hamkorlik qilishiga kelishib olindi.

Oʻz navbatida, uchrashuvda ishtirok etgan “Honeywell UOP” kompaniyasining yuqori oʻsish surʼatlariga ega boʻlgan global mintaqalar boʻyicha prezidenti Driggs Benjamin loyihalarni MTO texnologiyasidan foydalangan holda amalga oshirish va dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarni birgalikda tayyorlash, shu bilan birga, loyihani moliyalashtirish uchun xalqaro maslahatchilar hamda xorijiy moliya institutlari, jumladan, AQSH Eksport-import banki va boshqa kredit agentliklarini jalb qilish yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, AQSH kompaniyasi mamlakatimiz kimyo sanoati korxonalari mutaxassislari uchun qoʻshma oʻquv-seminarlar va treninglar tashkil etishga tayyor ekanligini taʼkidladi.  

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, kimyo sanoatida MTP texnologiyasidan foydalangan holda mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari boʻyicha takliflar tayyorlash hamda texnik yechimlar ishlab chiqishga kelishib olishdi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati