"O'zkimyosanoat" AJ

O'zbekiston yigirmadan ziyod davlatga kimyo sanoati mahsulotlarini eksport qilmoqda

// 14.03.2017
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/uzbekiston-yigirmadan-ziyod-davlatga-kimyo-sanoati-mahsulotlarini-eksport-qilmoqda

Milliy matbuot markazida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining 2016 yildagi faoliyati yakunlariga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Mamlakatimiz yetakchi iqtisodiy tarmoqlaridan biri sanalgan kimyo sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotiga va uning eksport salohiyatini rivojlantirishga salmoqli hissa qo'shmoqda. Aksiyadorlikdorlik jamiyatining ishlab chiqarish quvvati O'zbekistonning kimyo mahsulotlariga bo'lgan ichki talabini to'la ta'minlash hamda doimiy asosda ularni eksport qilish imkonini berayotir.

Jamiyat korxonalarida turli mineral o'g'itlar, sun'iy tola, polimer materiallar, noorganik moddalar, energetika, oltin qazib olish va yengil sanoat uchun rezina-texnika buyumlari, kimyoviy reagentlar, defoliantlar ishlab chiqarilmoqda. 2016 yil 2 trillion 329 milliard so'mlik mahsulot, 214 milliard 600 million so'mlik xalq iste'moli mollari ishlab chiqarilgan. Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar doirasida tarmoq korxonalarida 328 million 530 ming dollarlik sarmoya o'zlashtirilgan.

Yangi mahsulot turlarini o'zlashtirish bo'yicha keyingi ikki yilda o'ndan ziyod loyiha amaliyotga tatbiq etilgan bo'lsa, joriy yilda 15 loyihani ishlab chiqarishga joriy etish rejalashtirilgan. «Maksam-Chirchiq» korxonasida zanglamaga qarshi qoplama, figurali katalizator, «Navoiyazot» korxonasida natriy sulfat tuzi, Jizzax plastmassa zavodida streych plyonka ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish shular jumlasidandir.

Bu turdagi loyihalar mamlakatimizdagi mavjud xomashyo zaxiralaridan foydalanish samaradorligini oshirish barobarida import o'rnini bosadigan mahalliy mahsulotlar turi va hajmining ortishiga xizmat qilmoqda. 2016 yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida 317 milliard 200 million so'mlik mahsulot ishlab chiqarilgani buning amaliy ifodasidir.

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati xorijga ammiak, karbamid, ammiak selitrasi, sulfat ammoniy, ammofos va nitrofoska yetkazib beruvchi yirik tarmoq hisoblanadi. O'tgan yilda eksport geografiyasi yana to'rtta davlatga ko'payib, O'zbekiston kimyo sanoati mahsulotlarini xarid qilayotgan mamlakatlar soni yigirma bittaga yetdi. Bugungi kunda Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlarda savdo uylarini ochish ustida ish olib borilmoqda.

O'zA