"O'zkimyosanoat" AJ

Urumchi shahrida oʻtkazilgan iqtisodiy forumda kimyo sanoati salohiyati va istiqbollariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi

// 30.04.2025
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/urumchi-shahrida-o-tkazilgan-iqtisodiy-forumda-kimyo-sanoati

Bugun, 30-aprel kuni Urumchi shahrida Oʻzbekiston - Xitoy iqtisodiy forumi boʻlib oʻtdi.

Uning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Partqoʻmi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.

Soʻngi yillarda mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib, yaxshi munosabat va doʻstlikning yangi modeliga aylanib borayotgani, bunda ayniqsa, Davlatlar Rahbarlari oʻrtasidagi yaqin, samimiy va birodarlik munosabatlar muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, bunday tadbirlar, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni chuqurlashtirish, oʻzaro hamkorlikning yangi qirralarini ochishga yordam berishi alohida qayd etildi.

Bugungi kunda xitoylik hamkorlar bilan energetika, kimyo, mashinasozlik, tekstil, qurilish materiallari, maishiy texnika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.

Iqtisodiy forumda “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisi O. Temirov Oʻzbekiston Respublikasi kimyo sanoati salohiyati va istiqbollariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazdi.

Xususan, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga kimyoviy mahsulotlarni faol jalb etish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan sanoat kooperatsiyasi, ishlab chiqarish loyihalari haqida maʼlumotlar berib oʻtildi. Shuningdek, kimyo-industrial klaterlar va texnoparklarni rivojlantirish va ularning imkoniyatlariga toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkilash joiz, bugungi kunda Xitoy xalq Respublikasi bilan umumiy qiymati 2,16 mlrd dollarlik 5 loyiha amalga oshirilgan va shu asnoda ushbu mamlakat kompaniyalari bilan kimyo sanoatining anʼanaviy yoʻnalishlarini ham, qayta tiklanadigan energiya va xomashyoni chuqur qayta ishlash sohasidagi zamonaviy loyihalarni ham qamrab olgan hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.    

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati