“O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida mamlakatimizda kimyo sanoatini rivojlantirish bo`yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo`lga qo`yishga qaratilgan tadbirlarida ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan “Uralxim” AJ direktorlar Kengashi a’zosi va bosh direktori Dmitriy Mazepin boshchiligidagi delegatsiyasi a’zolari ishtirokida uchrashuv bo`lib o`tdi.
“Uralxim” АJ direktorlar Kengashi aʼzosi va bosh direktori D.Mazepin O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda so`nggi besh yilda olib borilgan makroiqtisodiy ko`rsatkichlarni rivojlantirish, davlat ishtirokidagi korxonalar transformatsiyasini amalga oshirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalari va xususiylashtirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni alohida taʼkidlab o`tdi.
Shuningdek, kompaniya tomonidan O`zbekistonda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari natijasida mamlakatimiz kimyo sanoatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan o`z tajribalarini joriy etish hamda hamkorlikda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni eksport qilib, yangi jahon bozorlarini egallashga qaratilgan rejalarni amalga oshirish haqida ham to`xtalib o`tdi.
Uchrashuvda o`zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, jumladan, Toshkent viloyatida yangi fosforli va murakkab o`g`itlar ishlab chiqarishni tashkil etish, “Navoiyazot” AJ negizida tashkil etilayotgan kimyoviy klasterda kichik hajmli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda tog`-kon ishlarining samaradorligini oshirish masalalari ko`rib chiqildi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo`yicha kelishuvga erishildi. Ushbu kelishuv asosida “Yo`l xaritasi” imzolandi.
Kecha 9-dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Uralxim” АJ direktorlar Kengashi aʼzosi va bosh direktori Dmitriy Mazepinni qabul qilgan edi.
“O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati