"O'zkimyosanoat" AJ

Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatida seminar o'tkazildi

// 05.03.2016
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/toshkent-viloyati-chirchiq-shahridagi-maksam-chirchiq-akciyadorlik-zhamiyatida-seminar-utkazildi

O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan xorijlik sarmoyadorlar ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlarini zamonaviy korporativ boshqaruv amaliyoti bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan seminarda Toshkent shahri va viloyatida faoliyat ko'rsatayotgan bir qator aksiyadorlik jamiyatlari vakillari qatnashdi.

Prezidentimiz rahnamoligida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, bo'lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta'minlash, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy qilish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirish uchun qulay sharoit yaratish borasida olib borilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta'kidlandi.

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 24 apreldagi “Aksiyadorlikdorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko'lamini kengaytirish va yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo'layotir.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligi oshmoqda. Chet el kapitali ishtirokida ko'plab istiqbolli loyihalar hayotga izchil tatbiq etilayotir, yangi zamonaviy aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etilmoqda. Eski bo'linmalar va lavozimlar tugatilib, zamonaviy xalqaro standartlar va bozor iqtisodiyoti talablariga mos yangi bo'linma va lavozimlar joriy qilinmoqda.

– Ispaniyaning “MaxamCorp International S.L.” kompaniyasi 49 foiz aksiya kiritgan, – deydi “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati korporativ boshqaruv bo'limi boshlig'i B.Bakiev. – Jamiyatda mas'ul vazifalarda ishlayotgan xodimlar yetakchi xorijiy ta'lim muassasalariga malaka oshirish va qayta tayyorlash uchun yuborildi. Shuningdek, rahbarlik lavozimlariga chet ellik yuqori malakali menejerlar jalb qilindi. Natijada korporativ boshqaruvning ilg'or uslublari amaliyotga joriy etildi. Ishlab chiqarish hajmi, mahsulot sifati, daromad yanada oshdi.

Seminar ishtirokchilariga korporativ boshqaruvning ilg'or uslublarini joriy etish, jumladan, rivojlanish strategiyasi, ichki nazorat tizimlari va ijro organining aksiyadorlar hamda investorlar bilan o'zaro hamkorlik mexanizmlari bo'yicha ma'lumot berildi.

– Aksiyadorlikdorlik jamiyatlari faoliyatini kengaytirish bo'yicha bilimimiz yanada boyidi, – deydi “O'zneftgazmash” aksiyadorlik jamiyati rahbari A.Oraztaev. – Bu kelgusidagi faoliyatimizni samarali yo'lga qo'yishimizda qo'l keladi.

Ishtirokchilar “Maksam-Chirchiq” korxonasi faoliyati, bu yerda joriy etilgan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi bilan tanishish barobarida, boshqa aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari bilan o'zaro tajriba almashish imkoniga ega bo'ldi.