
“Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyatining hududlarda biznes vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlari davom etmoqda.
Ushbu uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan oʻtkaziladigan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilmoqda. Asosiy maqsad — tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni aniqlash, taklif va tashabbuslarni eshitish hamda ularga amaliy yechimlar ishlab chiqish.

Navbatdagi uchrashuv Surxondaryo viloyatida kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari va korxona rahbarlari ishtirokida oʻtkazildi.
Muloqotda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, xomashyodan samarali foydalanish, chiqindilarni boshqarish va qayta ishlash, ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Termiz shahridagi “BIO TEXNO ECO” MCHJ polietilen va armoplast naylar, ikki qatlamli gofrirlangan quvurlar ishlab chiqaradi. Sherobod tumani Chorbogʻ mahallasidagi “XUJAIKON TUZ” MCHJ tuz qazib olish bilan shugʻullanadi. Denov shahridagi “ABULFAYZ-MIRAKBAR” oilaviy korxonasi esa chiqindilarni boshqarish va toʻplash yoʻnalishida faoliyat yuritadi.

Uchrashuvda tadbirkorlarning taklif va murojaatlari eshitilib, ularni hal etish boʻyicha tegishli choralar belgilab olindi.

Bunday ochiq muloqotlar hududlardagi dolzarb masalalarni bevosita tadbirkorlar ishtirokida oʻrganish va soha rivoji uchun amaliy yechimlar ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.
