"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJda 2026-yilning birinchi yarim yilligida 12,2 trln soʻmlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi

// 17.07.2026
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/sarhisob20260717

2026-yilning birinchi yarim yilligida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimida ishlab chiqarish koʻrsatkichlari barqaror oʻsish surʼatlarini saqlab qoldi. Hisobot davrida tarmoq korxonalari tomonidan 12,2 trln soʻmlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, belgilangan reja 110,2 foizga bajarildi.

Mamlakat qishloq xoʻjaligini mineral oʻgʻitlar bilan barqaror taʼminlash maqsadida jami fizik holda 1 580,5 ming tonna mineral oʻgʻit ishlab chiqarildi. Shundan 1 200,3 ming tonna azotli, 202,8 ming tonna fosforli va 177,4 ming tonna kaliyli oʻgʻitlar ishlab chiqarildi.

Shuningdek, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan bir qator sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshdi. Xususan, avtomobil shinalari ishlab chiqarish 134 ming donaga koʻpaydi. Konveyer lentasi ishlab chiqarish hajmi 5,6 ming pogon metrga, superfosfat 74,1 ming tonnaga, ammoniy sulfati 16,9 ming tonnaga, natriy sianidi 5,3 ming tonnaga, kalsinatsiyalangan soda 4,9 ming tonnaga, metanol 4,6 ming tonnaga, past zichlikdagi ammoniy nitrati (NANP) 2,8 ming tonnaga hamda polivinilxlorid (PVX) 1,3 ming tonnaga oshdi.

Erishilgan natijalar kimyo sanoatida ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, mahsulotlar turini kengaytirish va ichki bozor talabini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy samarasi hisoblanadi.