D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti federal davlat byudjet oliy ta'lim muassasasining Toshkent shahridagi filialiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti administratsiyasining delegatsiyasi rasmiy tashrifi bo'lib o'tdi.
Xalqaro darajadagi tashrif davomida “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi, D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti federal davlat byudjet oliy ta'lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori J.Mirzamaxmudov Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Xorijiy davlatlar bilan mintaqaviy va madaniy aloqalar boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari A.Rыbakov va Xorijiy davlatlar bilan mintaqaviy va madaniy aloqalar departamenti boshlig'i boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda jami 25 ta xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallari faoliyat yuritayotgan bo'lsa, shundan 12 tasi Rossiya Federatsiyasining OTM hisoblanadi.
Mehmonlar filialni tashkil etish, uning moddiy-texnik bazasi va o'quv jarayonini shakllantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tashkiliy ishlar, jumladan, bino va inshootlarni rekonstruktsiya qilish, kapital ta'mirlash, zarur mebel, zamonaviy o'quv-laboratoriya jihozlari, kutubxona fondi, kompyuter va boshqa o'quv jihozlari bilan ta'minlanayotganligi tanishtirildi.
Shuningdek, joriy yilning ikkinchi choragida O'zbekiston-Rossiya yetakchi oliy ta'lim muassasalari rektorlarning mintaqalararo onlayn konferentsiyasini o'tkazish, “Ikkinchi O'zbekiston-Rossiya ta'lim forumi”ga tayyorgarlik ko'rish va uni tashkil etish masalalari bo'yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati