"O'zkimyosanoat" AJ

Kimyo sanoatidagi asosiy vazifalar ko'rsatib o'tildi

// 24.02.2020
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/reform

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 fevral kuni kimyo sanoatini isloh qilish bo'yicha istiqbolli rejalar hamda joriy yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazdi.

So'nggi yillarda sohani modernizatsiya qilish, moliyaviy-iqtisodiy sog'lomlashtirish va yuqori qo'shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish bo'yicha ko'plab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Tarmoq korxonalarining rentabelligini ko'tarish maqsadida bozor mexanizmlari joriy etilib, narxni shakllantirish tartibi butunlay qayta ko'rib chiqildi. Natijada kimyo tarmog'i o'tgan yilni 2018 yilga nisbatan 2,3 barobar ko'p foyda bilan yakunladi.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi. Sho'rtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilg'i, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodlari qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yil yanvar oyida parlamentga yo'llagan Murojaatnomada va Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisida kimyo sohasiga alohida e'tibor qaratib, hukumat oldiga uni modernizatsiya qilish, ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish bo'yicha qator vazifalar qo'ygan edi.

Bu bejiz emas. Chunki mazkur tarmoqda muammolar, hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko'p. Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarish mumkin bo'lgan, murakkab tarkibga ega bo'lmagan kimyo mahsulotlari chetdan olib kelinmoqda. Eksport strukturasi diversifikatsiya qilinmagan, bunda hanuzgacha mineral o'g'itlar ulushi juda katta. Ishlatilayotgan uskunalar 60 foiz eskirgan, energiya sarfi me'yordan 2-3 baravar ortiq.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o'tgan yig'ilishda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish bo'yicha vazifalar belgilandi.

Tarmoqdagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, mahsulotlar sifatini oshirish, energiya sarfini kamaytirish hisobiga tannarxni pasaytirish bo'yicha topshiriqlar berildi. “Raqamli texnologiyalar”ni qo'llash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizatsiya darajasini ko'tarish muhimligi qayd etildi.

Kimyo sohasida yangi yo'nalishlarini rivojlantirish, bunga xorijiy investorlarni keng jalb qilish zarurligi ta'kidlandi.

To'qimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, iste'mol tovarlari, oziq-ovqat va farmatsevtika uchun zarur xomashyo ishlab chiqarish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid ishlab chiqarishni tez muddatda loyiha quvvatiga olib chiqish hamda ikkinchi bosqichini loyihalashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

“Farg'onaazot” aksiyadorlik jamiyati, Qo'ng'irot soda zavodi va Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodida davlat ulushini investorlarga sotish masalalariga ham to'xtalib o'tildi.

Kichik tonnajli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, shu maqsadda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida bo'sh turgan maydonlar negizida ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Ma'lumki, joriy yil mamlakatimizda Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qilinib, har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo'nalishini rivojlantirish belgilab olindi. Taraqqiyotimizning hozirgi bosqichidagi muhim yo'nalishlardan biri esa kimyo sohasidir.

Shu bois bugungi yig'ilishda ushbu tarmoqda ta'lim va ilm-fanni takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash juda muhimligi ta'kidlandi. Ilm-fan va ishlab chiqarish o'rtasidagi aloqani mustahkamlash, buning uchun tadqiqotlarning soha korxonalari ehtiyojiga hamohangligini ta'minlash zarurligi ko'rsatib o'tildi.

Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish, Toshkent kimyo texnologiya institutida mutaxassisliklar va o'quv dasturlarini takomillashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

Mutasaddilar yig'ilishda muhokama qilingan masalalar va sohadagi istiqbolli rejalar yuzasidan axborot berdi.

Manba: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti