Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqarolar tomonidan yozilgan:
“ “Navoiyazot” korxonalaridan atrof muhit hamda insonlar salomatligi uchun jiddiy zarar yetkazuvchi zaharli moddalar va gazlar havoga chiqarilmoqda” mazmunidagi postlarda ko`tarilgan masalalar yuzasidan “O`zkimyosanoat” AJ va “Navoiyazot” AJ quyidagilarni ma’lum qiladi.
“Navoiyazot” AJ o`z ish faoliyatida O`zbekiston Respublikasining amaldagi Qonunlari, farmonlari hamda barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlaridan kelib chiqqan holda korxonaning atrof-muhitga zararli ta’sirini kamaytirish bo`yicha muntazam ravishda tizimli va maqsadli ishlarni olib boradi. Shu bilan birga “Navoiyazot” AJdan atmosferaga tarqaydigan chiqindilar va oqava suv chiqindilari korxonaning ekologik tahlil (sanitariya) labaratoriyasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Sanitariya laboratoriyasi korxonaning sanitariya muhofazasi zonasi, Navoiy shahri va unga tutash hudud doirasidagi atmosfera havosidan muntazam ravishda namuna olish ishlarini olib boradi. Shamol yoʻnalishini hisobga olgan holda Navoiy shahri hududidagi atmosfera havosi holatini monitoring qilish natijalari tahlili “Navoiyazot” AJ korxonalariga xos boʻlgan fenol, og‘ir metallar va shu kabi boshqa ifloslantiruvchi moddalarning yoʻqligini, azot oksidlari hamda ammiakning esa standart tarkibi mavjudligini ko`rsatadi.
Korxona joylashgan hudud ekologiyasiga ta’sirni kamaytirish maqsadida “Navoiyazot” AJda har yili atmosfera va suv omborlariga chiqindilarning chiqarilishi, eng muhimi ularning hosil bo`lishini kamaytirish, shuningdek, xomashyo hamda energiya resurslarini tejash borasida chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
2021-yilda bu boradagi ishlarni amalga oshirish xarajatlari 1 322,434 million so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan:
Ekologik vaziyatni yaxshilash va ekologik xavfsizlikni oshirish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar “Navoiyazot” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan uchta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirilishi va eski ammiak, 1-2-bosqichlarda azot kislotasi ishlab chiqarish, organik sintez (atsetilen va boshqalar) ishlab chiqarish boʻyicha ayrim sexlar faoliyati to`xtatilishi natijasida, 2021-yilda atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining miqdori oldingi yillarga nisbatan sezilarli darajada qisqarishiga erishildi. Bugungi kunda korxona tomonidan fenol, og‘ir metallar kabi zararli chiqindilarni atmosferaga chiqarishi mumkin bo`lgan texnologik jarayonlardan foydalanilmaydi.
Hozirda barcha qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlar “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi “Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risida”gi 541-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasida atrof-muhitga ta’sirni baholash tartib-taomilidan o‘tadi va Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasidan soʻng amalga oshiriladi.
Ma’lumot o`rnida aytib o`tamiz, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda so`z brogan “Navoiyazot” AJ hududida joylashgan “CONTINAZ QK” MChJ karbamid-formaldegid kontsentrati (UFC-85) ishlab chiqarish loyihasi atrof-muhitga ta’sirni baholashning to‘liq tartib-taomillaridan o‘tgan va Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga ega. Korxona Avstriya bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, ALDER (Italiya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy va yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlangan. Bunday ishlab chiqarish quvvatlari Italiya, Belgiya, Turkiya, Rossiya, Shvetsiya va boshqa qator mamlakatlarda qurilgan. Mahsulot ishlab chiqarish jarayonida suyuq va gazsimon chiqindilar hosil bo'lmaydi. Bunday natijaga zamon talablariga to`liq javob beradigan texnologiyalardan foydalanish evaziga erishilmoqda.
Jamoatchilik faollari va fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlarda turli xil asossiz ma’lumotlarni tarqatishdan oldin “O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati bilan bog’lanishlari hamda barcha savollarga ishonchli manbadan javob olishlari maqsadga muvofiq bo`lishini eslatib o`tamiz. Navoiy shahrida bo`la turib, jiddiy muammolar bor deb hisoblab, “Navoiyazot” AJga murojaat qilmasdan asossiz ma’lumotlarga tayanib postlar yozilishining o`zi taajjubli holat. “O`zkimyosanoat” AJ ochiqlik va shaffoflik tarafdori ekanligini ma’lum qilamiz.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati