"O'zkimyosanoat" AJ

D.I.Mendeleyev nomidagi RKTU Toshkent shahridagi filiali O`zbekistonda birinchilardan Quyosh elektr stansiyasi yordamida ishlab chiqilgan elektr energiyasini yuridik shaxs tomonidan sotish bo`yicha shartnomani imzoladi

// 21.12.2021
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/quyosh-elektr-stansiyasi

D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialiga o`rnatilgan 100 kVt quvvatdagi tarmoq Quyosh elektr stansiyasi yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotib olish uchun Toshkent shahar Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma imzolandi.

“SUN-HIGHTECH” korxonasi tomonidan o`rnatilgan 100 kVt quvvatdagi tarmoq Quyosh elektr stansiyasi Filialning tom qismida bo`sh turgan 1200 m2 maydonga o`rnatildi. Ushbu tarmoq Quyosh elektr stansiyasi hozircha Respublikamizda binoning tom qismiga o`rnatilgan eng katta quvvatdagi Quyosh elektr stansiyasi hisoblanadi.

Quyosh stansiyasida eng zamonaviy elektr qurilmalardan foydalanilgan bo`lib, ishlab chiqaruvchilar ushbu qurilmalarga yetti yil kafolat bergan. Qurilmalarning ishlash muddati esa 25 yildan ortiq vaqtni tashkil qiladi. Bu esa ushbu turdagi Quyosh stansiyalari ishga tushirilgandan so`ng uzoq yillar davomida taʼmirlash, texnik xizmat ko`rsatish uchun katta miqdordagi mablag` talab qilmaydi.

Shuningdek, elektr energiyasining narxi bilan solishtirganda ushbu Quyosh stansiyasi 6-7 yilda o`ziga sarflangan mablag`ni to`liq qaytaradi. Yigirma besh yildan ortiq ishlash davomida ushbu Quyosh elektr stansiyasi besh million kVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

“O`zkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati