"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bagʻishlangan “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi

// 09.12.2025
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-ajda-xalqaro-korrupsiyaga-qarshi-kurashish-ku

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. 

Ushbu tadbir jamiyat faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, aholini sohaga oid yangiliklar bilan tanishtirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida oʻtkazildi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining masʼul mutaxassislari, oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan yoshlar ishtirok etishdi. 

Ularga jamiyat va tarmoq korxonalarining asosiy vazifalari, ishlab chiqarish imkoniyatlari, amalga oshirilayotgan islohotlar va rivojlantirish strategiyasi haqida atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi.

Jumladan, tadbir davomida “Oʻzkimyosanoat” AJning korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida olib borayotgan ishlari, ichki nazorat tizimi, xavflarni baholash mexanizmlari, xodimlar uchun oʻtkaziladigan oʻquv-seminarlar va profilaktik chora-tadbirlar haqida ham batafsil soʻzlab berildi.

Shuningdek, joriy yilda “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar “Maxam-Chirchiq” AJ va “Oʻzkimyoimpeks” MCHJlar “CERT International” Akademiyasi tomonidan auditdan qayta oʻtkazilib, yana ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga munosib deb topildi.

Tadbir ishtirokchilari korrupsiyaning nafaqat mamlakat taraqqiyoti, balki har bir fuqaro xavfsizligi, jamoadagi psixologik muhit va mehnat intizomiga taʼsiri haqida ham batafsil maʼlumot olishdi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻldilar. Mutaxassislar tomonidan barcha savollarga atroflicha va asosli javoblar berildi.