Joriy yilning 12- iyun kuni “O‘zkimyosanoat” AJ tasarrufidagi korxonalar va tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, shuningdek, yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar, matbuot kotiblari va kasaba uyushma raislari ishtirokida sayyor seminar boshlandi.
An’anaviy sayyor seminar bu yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ QKda bo‘lib o‘tmoqda.
Seminar ishtirokchilari zavodning analitik markazi, ma’naviyat xonasi, zamonaviy laboratoriyasi hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
Tadbir doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Sanobar Abduraxmanova tomonidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish tashkil etildi. Unda sohadagi mavjud muammolar, kamchiliklar va ularni bartaraf etish mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilishda “Maxam-Chirchiq” AJ kasaba uyushmasi raisi tomonidan hisobot taqdim etildi. Unda ishchi-xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi, mehnat sharoitlari, xodimlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar seminar davomida o‘z fikr va takliflarini bayon etib, kelgusida tizimdagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdi.
Mazkur sayyor seminar 2 kun davom etadi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati