"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyati Gruziya portlarida transport-logistika hamkorligi imkoniyatlarini oʻrgandi

// 03.07.2026
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-aj-rahbariyati-gruziya-portlarida-transport-l

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga rasmiy tashrifi doirasida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mazkur yoʻnalish salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari diqqat markazda boʻldi.
 
Xususan, mamlakatimiz yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish choralariga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ Boshqaruvi raisi Poti va Batumi dengiz portlaridagi bir qator terminallarga tashrif buyurdi.


 
Tashrif davomida port terminallarining mavjud imkoniyatlari, eksport yuklarini qabul qilish va qayta ishlash jarayonlari, logistika zanjirlarini takomillashtirish, yuk tashish samaradorligini oshirish hamda mahalliy korxonalar eksport hajmlarini koʻpaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Yevropa va Afrika mamlakatlari bozorlariga mahsulot yetkazib berishda Poti va Batumi portlarining transport-tranzit imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, logistika jarayonlarini optimallashtirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.


 
Taʼkidlash joiz, 2025-yilda Gruziya portlari orqali Yevropa va Afrika mamlakatlariga 220 ming tonnadan ortiq mahalliy mahsulot eksport qilingan.
 
Mazkur tashrif mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish boʻyicha amaliy ishlar izchil davom etayotganining yana bir ifodasidir.