Joriy yilning 19-avgust kuni “O‘zkimyosanoat” AJda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Koreya kimyoviy texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti (KRICT) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv “Koreya–O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti — Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazini tashkil etish” (UzCCT) loyihasini amalga oshirishning joriy holati hamda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Muzokaralar davomida loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda tomonlarning birgalikdagi muvofiqlashtirilgan yondashuvini talab etuvchi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari (Joint R&D) yakunlariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining asosiy natijalari, erishilgan ilmiy yutuqlar va nashrlar holati, shuningdek, yakunlanmagan ishlarni davom ettirish bo‘yicha rejalarni muhokama qildilar. Olingan natijalarni UzCCTning kelgusidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatida amaliy qo‘llash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “O‘zkimyosanoat” AJ, KOICA va KRICT o‘rtasidagi keyingi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy qadamlar, tomonlarning vazifalari va muvofiqlashtirish mexanizmlari belgilab olindi.