"O'zkimyosanoat" AJ

“O‘zkimyosanoat” AJ ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarini o‘rganishni davom ettirmoqda

// 05.11.2025
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-aj-ishchi-guruhi-qashqadaryo-viloyatida-aholi

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF–173-son “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zkimyosanoat” AJ ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida faoliyat yuritmoqda.

  Mazkur tashabbus doirasida “O‘zkimyosanoat” AJga Dehqonobod tumanidagi mahallalar biriktirilgan bo‘lib, ishchi guruh tomonidan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha tuman shtabi faoliyati o‘rganildi. Jarayon davomida tashkilotchilik ishlari, xodimlarning tayyorgarligi, aholi bilan muloqot madaniyati va ro‘yxatga olish jarayonining shaffofligi bo‘yicha tahlillar o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan ayrim kamchiliklar joyida bartaraf etildi. Shu bilan birga, mas’ullarga ro‘yxatga olish jarayonlarini samarali tashkil etish va aniqlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

  Tuman shtabi zarur moddiy-texnik baza bilan ta’minlandi, shu jumladan aloqa vositalari hamda zarur anjomlar yetkazib berildi. Ayni paytda chekka va tog‘li hududlarda joylashgan “Terakli”, “Oybek” va “Oqqishloq”  mahallalarida ro‘yxatga olish ishlari boshlangan, ishchi guruh jarayonning to‘liq, adolatli va sifatli o‘tishini doimiy nazoratga olgan.

  Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasida aholini va qishloq xo‘jaligi resurslarini aniq hisobga olish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejalashtirilishini ilmiy asosda tashkil etish hamda ma’lumotlar bazasini yangilashga xizmat qiladi. “O‘zkimyosanoat” AJ ushbu jarayonlarda faol ishtirok etish orqali davlat ahamiyatiga molik islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, hududlarda tashkilotchilik ishlariga amaliy yordam ko‘rsatishni o‘zining muhim vazifalaridan biri deb biladi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati