Toshkent shahridagi “SAEX Uzbekistan” koʻrgazma majmuasida VIII Innovatsion gʻoyalar xalqaro haftaligi — “InnoWeek-2025” oʻz ishini boshladi. “Chegarasiz gʻoyalar” shiori ostida oʻtkazilayotgan mazkur tadbir mamlakatimizda innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ilgʻor texnologiya va innovatsiyalarni keng joriy etish, inson kapitali, ilm-fan va innovatsion salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan.
Innovatsion haftalik sohaning yetakchi vakillari, hamkor tashkilotlar, xalqaro ekspertlar hamda investorlar oʻrtasida tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlash va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda.
“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va tarmoq korxonalari ham “InnoWeek-2025” doirasida oʻzlarining zamonaviy, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega innovatsion mahsulotlari bilan ishtirok etmoqdalar.
Jumladan, togʻ-kon sanoati uchun moʻljallangan qoʻrgʻoshin nitrat, rux nitrat, natriy tetraboray, shuningdek, laboratoriya tahlillari uchun ishlatiladigan natriy atsetat, Mor tuzi va Nessler reaktivi kabi mahsulotlar ishtirokchilar va mutaxassislar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinmoqda.
Umuman, “InnoWeek-2025” haftaligida 400 ga yaqin innovatsion loyiha va ishlanma namoyish etilmoqda. Tadbir innovatsiya sohasidagi eng soʻnggi yutuqlarni keng jamoatchilikka yetkazish va amaliyotga joriy etishda muhim qadam hisoblanadi.
"Oʻzkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati