
Shanxay shahrida o‘z ishini boshlagan 8-Xitoy xalqaro import ko‘rgazmasi (CIIE 2025) doirasida O‘zbekiston Milliy stendi o‘zining boy sanoat salohiyati, milliy hunarmandchilik an’analari va amaliy san’at namunalarini keng jamoatchilikka taqdim etmoqda. Ushbu yirik xalqaro ko‘rgazma – dunyoning eng nufuzli savdo maydonlaridan biri bo‘lib, unda ko‘plab davlat va mintaqalarning kompaniyalari, shuningdek, minglab yirik xalqaro brendlar o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish qilmoqda.


Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda “O‘zkimyosanoat” AJ hamda “O‘zkimyoimpex” MChJ vakillari faol ishtirok etib, O‘zbekiston kimyo sanoatining eksport salohiyati, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlaridagi imkoniyatlarni xorijiy hamkorlarga tanishtirmoqda. Ushbu ishtirok O‘zbekistonning global savdo tizimiga faol integratsiyalashuvi, milliy mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, yangi investitsiyalar va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdagi muhim qadamlardan biridir.


10–noyabrga qadar davom etadigan tadbir doirasida O‘zbekiston stendi ko‘plab xalqaro ishtirokchilar va mehmonlar e’tiborini tortib, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini munosib tarzda aks ettirmoqda.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati