Ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p yillik samarali hamkorlikning ezgu an’analari yangi loyihalar uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Tatariston respublikasi raisi Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiya “Navoiyazot”AJda boʻldi. Mehmonlar “Chemistry international”MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Loyiha qiymati 28,5 mln. dollar boʻlgan majmua zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan. Yiliga 6000 tonna gidrosipropilmetilsellyuloza, 10000 tonna paxta sellyulozasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan korxonada hozirda 100 nafarga yaqin xodim mehnat qiladi. Mehmonlar mahsulot sifati, xodimlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni koʻzdan kechirib, qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Tatariston respublikasi raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari jamiyat negizidagi “JV Continaz”MCHJ qo‘shma korxonasida ham bo‘lishdi. Umumiy qiymati 16 mln. dollar bo‘lgan korxonada dastlab karbamid formaldegid konsentrati, KFK-85 bo‘lgan texnik formalin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirda sulfat kislotasi, natriy sulfid hamda qurilishda ishlatiladigan yelim ham tayyorlanmoqda.
Yuqori martabali mehmon korxona negizida barpo etilishi kutilayotgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Kimyoviy mahsulotlar va mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliylashtirish, eksport imkoniyatlarini ishga solish, tejamkor texnologiyalar va zamonaviy yondashuv asosida barpo etilayotgan loyihalar mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.
Muloqot chog‘ida kelgusida kimyo sanoatida O‘zbekiston va Tatariston hamkorligini yanada mustahkamlashga oid muhim kelishuvlarga erishildi.
"NAVOIYAZOT" AJ AXBOROT XIZMATI