"O'zkimyosanoat" AJ

Mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari “Navoiyazot” AJ faoliyati bilan tanishdi

// 02.10.2019
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/navoiyazot-inter-press

O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “O'zkimyosanoat” AJ, shuningdek, “ENTER Engineering” qurilish kompaniyasi tomonidan “Navoiyazot” AJ faoliyati bilan tanishtirish maqsadida mamlakatimiz va xorijiy OAV vakillari uchun press-tur tashkil qilindi. Ushbu kompleks O'zbekiston kimyoviy vositalari umumiy hajmining 30% dan ortiq qismini ishlab chiqaradi, sanoatning deyarli barcha tarmoqlari, transport, qishloq xo'jaligi, yoqilg'i-energetika kompleksi, shuningdek, xizmat ko'rsatish, savdo, fan, ta'lim va madaniyat sohalari ehtiyojlarini qondiradi.

“Navoiyazot” AJ bu O'zbekistonning eng yirik kimyoviy korxonasi bo'lib, xalqaro hamkor maqomiga ega bo'lgani holda mineral o'g'itlar, kimyoviy reagentlar va boshqa kam tonnajli kimyoviy vositalarni ishlab chiqarish dasturini amalga oshiradi.

Bugungi kunda “Navoiyazot” AJ da polivinilxlorid (PVX), kaustik soda va metanol ishlab chiqarish komplekasini qurish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hamda azot kislotasini ishlab chiqarish bo'yicha faol ishlar olib borilmoqda. Mazkur loyihalarning qiymati 1,7 milliard dollarni tashkil etadi.

Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish bo'yicha loyihaning qiymati 500 million dollardan ortiq. Ob'ekt qurilishi bilan Xitoyning “China CAMC Engineering CO. LTD” va “HQC” kompaniyalari konsortsiumi, shu bilan birga, mamlakatimiz mutaxassislari shug'ullanadi.

Ushbu korxonalarning ishga tushirilishi import o'rnini bosuvchi mahsulot – yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanol ishlab chiqarish imkonini beradi.

Ayni chog'da aksiyadorlik jamiyati azot kislotasi ishlab chiqarish quvvatlarini ham yangilamoqda. Joriy yilda tegishli kompleksni qurish bo'yicha loyihaning yakunlanishi kutilmoqda. Umumiy qiymati 216,6 million dollarga teng bo'lgan ushbu loyiha Shveytsariyaning “Casale SA” kompaniyasi tomonidan barpo etilmoqda. Yangi qurilma yiliga 500 ming tonna azot kislotasini ishlab chiqaradi va 130 kishini ish bilan ta'minlaydi.

1964 yildan buyon ishlab kelayotgan va katta miqdorda issiqlik energiya resurslarni iste'mol qiluvchi, yiliga 300 ming tonna ammiak ishlab chiqarish quvvatlarining birinchi va ikkinchi navbatlari o'rniga “Navoiyazot” AJ da yiliga 660 ming tonna ammiak ishlab chiqarish bo'yicha yangi quvvatlar va yiliga 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqarish bo'yicha yangi korxona ishga tushiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 985 million dollarga teng. Yangi ishlab chiqarishda 500 yangi ish o'rni yaratiladi.

Ammiak va karbamid ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries, Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsortsiumi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ob'ektning ishga tushirilishi 2020 yilga mo'ljallangan. Ob'ektni qurish bilan bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi hududida sanoat ob'ektlarini qurishga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanuvchi “eNTER Engineering Ltd” kompaniyasi shug'ullanmoqda.

Uchta investitsion loyihalarni amalga oshirish doirasida “Navoiyazot” AJ da Bosh pudratchilar – “China CAMC Engineering CO. LTD” va “HQC” (Xitoy), “Casale SA” (Shveytsariya), “Mitsubishi Heavy Industries, Ltd” va “Mitsubishi Corporation” (Yaponiya) bilan tuzilgan shartnomalar shartlari bo'yicha tegishli litsenziya tutuvchilarning turdosh zavodlarda joriy qilinayotgan texnologiyalar bo'yicha o'quv tashkil qilingan.

Xorijdagi turdosh zavodlarda ta'lim olishdan tashqari litsenziya tutuvchilar texnologiyalari mutaxassislari “Navoiyazot” AJ O'quv markazida va qurilayotgan ob'ektlarda nazariy va amaliy o'quvni amalga oshirdi.

Jumladan, ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo'yicha yangi ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi bo'yicha 100 kishi ta'lim olmoqda. PVX loyihasi bo'yicha 263 kishi turli mutaxassisliklar bo'yicha o'quv kursini tamomladi. Oktabr oyidan azot kislotasi loyihasi bo'yicha 50 kishi uchun o'quv kurslari boshlanadi.

Zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan holda PVX, kaustik soda, metanol, azot kislotasi, ammiak, karbamid ishlab chiqarish bo'yicha zamonaviy komplekslar qurilishi nafaqat ichki bozorni talab katta bo'lgan mahsulot bilan ta'minlashga ko'maklashadi, ayni paytda sohani va umuman respublikaning eksport salohiyatini oshirishga jiddiy ta'sir ko'rsatadi.

Mazkur yangi ishlab chiqarishlarning yaratilishi mahalliy aholini ish bilan ta'minlash imkonini beradi. Bu esa Navoiy viloyatini rivojlantirishda ijobiy turtki bo'ladi.

Sanab o'tilgan loyihalarning amalga oshirilishi mahsulot birligiga nisbatan energiya resurslar iste'moli hajmini, moddiy-texnik resurslar importini qisqartirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, qo'shimcha ish o'rinlarini yaratish va hududda ekologik vaziyatni yaxshilash imkoniyatini beradi.