"O'zkimyosanoat" AJ

“Ximiya” podstantsiyasida elektrenergiya ta'minotidagi uzilish “Navoiyazot” AJda rejadan tashqari to'xtalishlarga sabab bo'ldi

// 11.06.2021
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/navoiyazot-energy

Joriy yilning 10 iyun kuni soat 23:25da “Ximiya” podstantsiyasida qisqa tutashuv sabab 110kVli “L-Zarafshon” havo liniyasida elektr energiyasi o'chganligi natijasida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Navoiyazot” AJ ob'ektlarida elektr uzilishi kuzatildi. Avtomatik tizim ishlashi natijasida korxonani ta'minlovchi LX-10, LX-4, LX-15 liniyalari Issiqlik energiya stantsiyasi liniyasi manbaiga o'tib, joriy yil 11 iyun kuni soat 03:42da “Ximiya” podstantsiyasi manbaiga qayta o'tildi.

Natijada jamiyatning ishlab chiqarish sexlari, jumladan, Ammiak-3, Ammiak-4, Karbamid, Azot kislotasi, Ammiakli selitra, Xlorid kislotasi, Tiomochevina ishlab chiqarishlari qurilmalari hamda yordamchi sexlar to'liq to'xtab qoldi.

Hozirda korxona mutaxassislari tomonidan yuzaga kelgan holat bartaraf etilmoqda. Jumladan, yordamchi sexlar Havo ajratish, Suv ta'minoti, Bug'-qozon sexlari ishga tushurilib, Ammiak-3, Ammiak-4, Karbamid, Azot kislotasi, Ammiakli selitra ishlab chiqarish sexlarida bosqichma-bosqich qayta ish faoliyatini tiklash ishlari olib borilmoqda.

Yuz bergan to'xtalishlar “Navoiyazot” AJning azotli o'g'itlar ishlab chiqarish hajmlarining kamayishiga va korxonani qayta ishga tushirish vaqtida mahsulot ishlab chiqarishsiz qo'shimcha sarf-harajatlar bo'lishiga olib keldi.

Ammiak ishlab chiqarish 3 navbati qurilma va jihozlarini qayta ishga tushirish natijasida 11 iyun kuni soat 8:00ga qayta quvvatga chiqdi va iste'molchilarga mahsulotlarni to'la yetkazib bera boshladi.

Ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksining ish faoliyatini qayta tiklash uchun loyiha xujjatlari talabiga muvofiq bo'linmalarni ketma-ket va me'yorda ishga tushirish 4-5 kunni talab etadi.

Azot kislotasi 4 navbati ishga tushirish ishlari olib borilmoqda. Birinchi navbatda yordamchi bug' qozon 11 iyun kuni soat 7:00da ishga tushirildi. Hozirda kompressor qurilmasini ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

Ammiakli selitra ishlab chiqarish quvvatlari soatiga 87,5 tonnadan 10 tonnaga pasaytirildi. Azot kislotasi va Ammiak ishlab chiqarishning 4 navbatlari ishga tushishi bilan sex yuklanmasi qayta tiklanadi.

Hozirda korxona mutaxassislari tomonidan vaziyat to'liq nazoratga olingan bo'lib, yuzaga kelgan holatni bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi qisqarishi kutilmoqda. Korxona ishlab chiqarish quvvatlari 4-5 kun ichida to'liq tiklanadi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati