"O'zkimyosanoat" AJ

Mineral oʻgʻitlar 275 ta vakolatli omborlardan yetkazib berilmoqda

// 22.04.2025
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/mineral-o-g-itlar-275-ta-vakolatli-omborlardan-yetkazib-beri

“Oʻzkimyosanoat” AJ mineral oʻgʻitlarni yetkazib berish borasida fermer va dehqon xoʻjaliklari bilan hamkorlikda faol ish olib bormoqda. Xususan, mineral oʻgʻitlarni birjadan sotib olish tartibini fermerlarga tushuntirish, brokerlarga qanday murojaat qilish, mineral oʻgʻitlarni birja savdolari orqali sotib olish, tiketni korxonaga yetkazish yoki ushbu tiket orqali omborxonadan yuklash xizmatlari tizimi va tartibi tushuntirib borilmoqda. 

Natijada joriy yilning birinchi choragida birja savdolariga fizik holda jami 2,6 mln tonna, shundan 2,0 mln tonna azotli, 224,5 ming tonna fosforli va 94,5 ming tonna kaliyli oʻgʻitlar savdoga qoʻyilgan boʻlib, amalda 711,6 ming tonna 2283,5 mlrd soʻmlik yoki 27,6 foiz, jumladan 560,0 ming tonna azotli, 89,5 ming tonna fosforli va 62,0 ming tonna kaliyli oʻgʻitlar xarid qilindi.

Davlatimiz rahbari raisligida qishloq xoʻjaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan mineral oʻgʻitlarni yetkazib berish yoʻnalishida qator topshiriqlar berilgan edi. 

Bu borada fermer xoʻjaliklariga qulayliklar yaratish maqsadida kimyo korxonalari tomonidan jami 275 ta 1,7 mln tonna sigʻimga ega mineral oʻgʻit vakolatli omborlari tashkil qilinib, mineral oʻgʻitlar ushbu omborlardan birja savdolariga qoʻyib borildi.

Shuningdek, birja savdolariga mineral oʻgʻitlarning boshlangʻich narxlaridan oʻrtacha 10% gacha pasaytirib xarid qilish auksion tartibida savdoga qoʻyish mexanizmi ishlab kelmoqda. 

Eslatib oʻtamiz, 2024-yildan boshlab joylardagi omborlardan mineral oʻgʻitni tashishda transportni logistika portalida majburiy roʻyxatdan oʻtkazish tartibi bekor qilingan.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati