"O'zkimyosanoat" AJ

Kimyo sanoatining yetakchi korxonalaridan biri – “Maxam-Chirchiq” AJ rejali kapital ta'mirga to'xtatildi

// 10.10.2019
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/maxam-chirchik-repair

“O'zkimyosanoat” AJ tashkilot tizimiga kiruvchi “Maxam-Chirchiq” AJning asosiy texnologik sexlari faoliyati tasdiqlangan rejaga muvofiq kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 20 kunlik muddatga to'xtatilganini ma'lum qiladi.

Kapital ta'mirlash ishlari tasdiqlangan jadvalga muvofiq o'z vaqtida amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda “Karbamid” sexidagi ishlar 72,5%ga, Ammiakli selitra sexida 71,4%ga, Ammiak-2 sexida 43,1%ga hamda Ammoniy sulfat va sulfat kislotasi sexidagi ishlar 14,0%ga bajarildi.

Kapital ta'mir uchun korxona to'xtatilgunga qadar, tizimdagi korxonalarning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur bo'lgan asosiy xom ashyoning kerakli hajmdagi zaxirasi yaratildi.  

Kapital ta'mir texnologik uskunalarning muammosiz, barqaror ishlash istiqbollarini yaratadi va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha prognoz ko'rsatkichlarining so'zsiz bajarilishini ta'minlashga qaratilgan muhim tadbirdir. Asosiysi atrof-muhitga salbiy ta'sir ko'rsatadigan omillarning maksimal darajada kamayishiga xizmat qiladi.

Kapital ta'mirdan so'ng mahsulot ishlab chiqarish 25 oktyabrga rejalashtirilgan. Belgilangan muddatga rioya qilish uchun 3 smenada ish tashkil qilingan va ishchilarning xavfsizligi ta'minlangan.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati