"O'zkimyosanoat" AJ

KIMYO SANOAT KORXONALARIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH DOIRASIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH PROKURATURASI XODIMLARI ISHTIROKIDA SEMINAR OʻTKAZILDI

// 28.03.2022
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/korrupsiyaga-qarshi-kurashish-seminar

Joriy yilning 25 mart kuni "Oʻzkimyosanoat" AJ va tizim korxonalari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tushuntirish ishlarini olib borish, xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari ishtirokida seminar oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda "Oʻzkimyosanoat" AJ boshqarma va boʻlimlarining xodimlari, tizimdagi ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari, komplayens xizmati xodimlari va Oʻzbekiston Respbulikasi Bosh prokuratura boshqarma katta prokurorlari Karimjon Musashayxov va Ravshan Nurbekovlar ishtirok etishdi.

Seminar davomida K. Musashayxov Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik, ularning oʻz vaqtida oldini olish, aniqlash va ularga chek qoʻyilishini ta’minlash hamda oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, ma’ruzachi K. Musashayxov tomonidan korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvi tushunchasi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik, shu jumladan, jinoiy, ma’muriy va intizomiy javobgarliklar hamda jazo turlari toʻgʻrisida ma’lumot berib, davlat xizmatchisi tomonidan odob-axloq qoidalarining buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻlishi mumkinligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, 2020 va 2021 yilllar kesimida jinoiy, ma’muriy va intizomiy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun jazo choralari va javobgarlikka tortilgan shaxslar soni, jinoyatlar turlari tahlili seminar ishtirokchilariga yetkazildi.

Mazkur yoʻnalishda Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori R. Nurbekov ma’ruzani davom ettirib, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakillantirish maqsadida ularning huquqiy ongini va madaniyatini yuksaltirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlab oʻtdi.

R. Nurbekov har bir fuqaro jamiyatda mavjud korrupsion xavf-xatarlarni bartaraf etish yoʻlida faol boʻlishi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar mukofotlanishi bilan birga ular davlat himoyasiga olinishi Qonunchilik asosida kafolatlanganligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Seminar davomida Bosh prokuratura 2020 yildan boshlab 26 ta vazirlik va idoralarda "komplayens-nazorat" tizimini joriy etishda bevosita ishtirok etayotganligi, natijada oʻtgan qisqa vaqt ichida mazkur tashkilotlar bir qator samarali natijalarga erishilganligi qayd etildi.

Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari bilan oʻzaro savol-javoblar oʻtkazildi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati