"O'zkimyosanoat" AJ

Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati

// 06.12.2021
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/konstitutsiyaning-27-yilligi

“O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida “Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati” mavzusida jamiyat rahbar-xodimlari hamda tarmoq korxonalari xodimlari ishtirokida videokonferensaloqa orqali tadbir bo`lib o`tdi.

Har bir davlat o`z taraqqiyot yo`lini tanlar ekan, eng muhim maqsad va vazifalarini belgilab oladi. Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyada ham xalqimizning xohish-irodasi, inson huquq va manfaatlari, davlat tuzilishi o`z ifodasini topgan. Bosh qomusimiz jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini qayd etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning ko`p ming asrlik boy milliy davlatchilik tarixiy-huquqiy va maʼnaviy merosiga asoslangan. O`zbekiston hududida davlatchilik va huquq tarixi o`zining chuqur ildizlariga ega bo`lib, qadim-qadim davrlarga borib taqaladi.

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi” degan tushuncha fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur o`rin egallashi hamda ijtimoiy ehtiyojga aylanishi lozim”ligini alohida ko`rsatib o`tgan edilar.

Shu bois ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatining tub mohiyati turmush tarzimizning barcha jabhalarini tubdan yaxshilash, insonlar hayotining buguni va ertasini obod etishdan iborat.

Tadbir davomida so`zga chiqqan Komplaens xizmati bosh mutaxassisi J.Zikirov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosati fuqarolarimizni, xususan, jamiyatimizning eng ehtiyojmand, ko`makka muhtoj qatlamlari vakillariga ham munosib turmush sharoitlari yaratib berish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug`urta to`lab berish tartibini amaliyotga joriy etish, 4 mingdan ziyod shaxsni avf etib, erkin hayotga qaytarilishi, 10 mingga yaqin yurtdoshlarimizga O`zbekiston fuqarosi maqomi berilishi, o`zga yurtlarda otasining xatosi sababli xor-zor bo`lib yurgan, urush olovi ichidagi Yaqin Sharq va Аfg`onistondan 261 nafar ayollar va bolalarning “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari orqali Vatanimizga qaytarilganligida namoyon bo`layotganligini taʼkidlab o`tdi.

Bosh qomusimiz va qonunlarimiz asosida olib borilayotgan bunday yangi ijtimoiy siyosat jamiyatimizdagi barcha ijtimoiy qatlamlarga mansub fuqarolarga mulkka ega bo`lish, munosib ish, o`qish, dam olish va davolanish, saylash va saylanish huquqlarini ro`yobga chiqarilishida namoyon bo`lmoqda.

“O`zkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati