"O'zkimyosanoat" AJ

Joriy yilning 21-oktabr kuni “Oʻzkimyosanoat” AJda jamiyat Komplayens xizmatining III chorak yakunlari yuzasidan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi

// 21.10.2022
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/komplayens-xizmatining-uchinchi-chorak-yakunlari-yuzasidan-hisobot-yigilishi

Joriy yilning 21-oktabr kuni “Oʻzkimyosanoat” AJda Jamiyat Komplayens xizmatining III chorak yakunlari yuzasidan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyati, departament, boshqarma va boʻlim boshliqlari, shu bilan birga Jamiyat tizim korxonalari rahbarlari va masʼul xodimlar ishtirok etishdi.

Xabaringiz bor, “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsion omillarga chek qoʻyishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida Komplayens nazorat tizimi “Navoiyazot” AJ, “Fargʻonaazot” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Maxam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maxam” AJ, “Oʻzkimyosanoatloyiha” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ, “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJ, “Oʻzkimyoimpeks” MChJ va “Qoʻngʻirot soda zavodi” MChJ QKlarida oʻz faoliyatini yuritmoqda.     

Shuningdek, barcha tarmoq korxonalarida “Korrupsiyaga qarshi siyosat”, “Xizmat odobi kodeksi”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati” kabi 10 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi va oʻrnatilgan tartibda barcha xodimlarga tanishtirish va tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Hisobot davrida kimyo sanoati korxonalarida korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash, oʻgʻrilik, talon-taroj qilish, korxona va davlat mulklarini oʻzlashtirish va taʼmagirlik holatlariga chek qoʻyish maqsadida jami 15 ta xizmat surishtiruvi oʻtkazildi, natijalari boʻyicha tegishli xulosalar tayyorlandi va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar koʻrildi.  

Natijada 5 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi,  8 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 36 nafar masʼul xodimlarga nisbatan turli xildagi intizomiy jazolar (hayfsan, ogohlantirish va h.k) qoʻllanildi, 22 nafar xodimning ish haqidan jarima undirildi, 9 ta holat boʻyicha toʻplangan materiallar qonuniy chora koʻrish uchun huquq tartibot organlariga yuborildi.

Shuningdek, joriy yilning 3-choragi davomida kimyo sanoati korxonalari tizimda aniqlangan korrupsion harakatlar, korxona mablagʻlarining talon-taroj qilinishi oqibatida jami boʻlib 1,2 mlrd.soʻmlik tovar moddiy boyliklari kamomadi aniqlangan. (2021-yilning 3- choragida yilligida tovar moddiy boyliklari va mineral oʻgʻitlar kamomadi jami 7,5 mlrd. soʻmni tashkil qilgan.)

Hisobot davrida tizim korxonalarida xaridlar jarayonining ochiq va shaffofligini taʼminlash hamda ularni “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq oʻtkazilishi natijasida, jami boʻlib 3,1 mlrd.soʻmlik pul mablagʻlarining asossiz sarflanishining oldi olinib, iqtisod qilindi.

 “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga koʻra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori va oʻrta boʻlgan 4047 nafar xodimlar tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar toʻldirildi.

 Toʻldirilgan deklaratsiyalar tahlil qilinganda joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 51 ta masʼul xodimlarda manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi, 37 ta holatda esa ehtimoliy (potensial) manfaatlar toʻqnashuvi holati mavjudligi aniqlandi, 2021-yilning mos davrida faqatgina 12 ta holat aniqlangan.

 Oʻtgan yilning mos davrida kimyo sanoati korxonalarida 32 ta profilaktik tadbirlar oʻtkazilgan boʻlsa, joriy yilning hisobot davrida 204 ta seminar va profilaktik tadbirlar oʻtkazilgan. Shuningdek, tarmoq korxonalarida xaridlar jarayonida ishtirokchilarning oʻzaro til biriktirishlari, raqobat muhitini cheklashga urinish hamda ball qoʻyishda baholash mezonlariga noxolis yondashuvlarni bartaraf etilishi natijasida, jami 29,1 mlrd.soʻmlik shartnomalarning tuzilishi rad etilib, aniqlangan manfaatlar toʻqnashuviga chek qoʻyildi.