"O'zkimyosanoat" AJ

“CHIRCHIQ” KIMYO-INDUSTRIAL TEXNOPARKIGA BIZNES-TUR TASHKILLASHTIRILDI

// 26.04.2022
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/kimyo-industrial-texnoparkiga-biznes-tur

25-aprel kuni poytaxtimizda boshlangan “INNOPROM Markaziy Osiyo” xalqaro yirik sanoat haftaligi  doirasida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga biznes-tur tashkillashtirildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.V.Manturov boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasining hududlar rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari, Ozarbayjon hamda Armaniston delegatsiyalari, qolaversa, xalqaro sanoat haftaligining qator xorijlik mehmonlari ishtirok etishdi.

Biznes-tur davomida texnoparkining ishlab chiqarish obyektlari boʻylab sayohat, Oʻzbekiston Respublikasi va “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkining investitsion salohiyati, xorijlik investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, texnopark rezidentiga aylanish tartibi, ularga beriladigan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalari haqida taqdimotlar oʻtkazildi. Tadbir yakunlari boʻyicha Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar, Rossiya Federatsiyasi va uning hududlari bilan ham yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, shu jumladan, texnopark hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi istiqbolli loyihalar yuzasidan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish rejalashtirilgan.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz texnoparkning umumiy maydoni 31,22 ga boʻlib, birinchi bosqichda 14 ta korxona ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi kutilmoqda. Bu yerda yiliga har xil turdagi 100 dan ortiq maxsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Texnopark toʻliq ishga tushishi natijasida 2 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi. Shuningdek, yiliga texnoparkda ishlab chiqarilgan 15 million dollarlik maxsulotlar eksport qilinadi. Texnopark ekologik talablarga javob beradigan, taʼbir joiz boʻlsa, “yashil” korxonalardan biri boʻlishi bilan ham ahamiyatlidir.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati