"O'zkimyosanoat" AJ

Kelajak kadrlarini tayyorlash: “Chirchiq” texnoparkida Oliy muhandislik maktabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

// 15.12.2025
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/kelajak-kadrlarini-tayyorlash-chirchiq-texnoparkida-oliy-muh

“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Intellektual kimyo-texnologiya tizimlari” Oliy muhandislik maktabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda ta’lim, ilm-fan va sanoat sohasi vakillari, oliy ta’lim muassasalari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Marosimda “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Korjikov ishtirok etib, o‘z nutqida mazkur muhandislik maktabining asosiy vazifalari — kimyo sanoati uchun zamonaviy amaliyotga yo‘naltirilgan va xalqaro talablarga javob beradigan muhandis kadrlarni tayyorlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish ekanini qayd etdi.

Ushbu maktab “Tarmoq - korxona – OTM” modelining amaliy tatbig'i bo'lib, kimyo sanoati uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali muhandis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha salohiyatli klasterni tashkil etadi. Unda magistr talabalar uchun kimyoviy texnologiya, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda kimyoviy texnologik jarayonlar va apparatlar mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv jarayonlari olib boriladi.

Shuningdek, marosim doirasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.