"O'zkimyosanoat" AJ

“Jizzax Plastmassa” AJ Ustav kapitalining 25% miqdordagi ulushi IPO orqali amalga oshiladi

// 12.12.2019
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/jp-ipo

Bugun City Palace mexmonxonasida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimiga kiruvchi “Jizzax Plastmassa” AJ Ustav kapitalidagi aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifini (IPO) o'tkazish yuzasidan rasmiy marosim tashkil etildi.

Tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 apreldagi “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish to'g'risida”gi PQ-4265-sonli Qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida o'tkazildi.

Tadbir doirasida IPO orqali ushbu jamiyatning qo'shimcha aksiyalari ommaviy fond birjasida joylashtirilishining ochilish marosimiga start berildi. Ushbu IPO tadbiri O'zbekiston tarixida ikkinchi marotaba o'tkazilayotganligini va tadbir orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga nafaqat aholining bo'sh mablag'larini balki, chet el investorlarining mablag'larini jalb qilishga erishilishi mumkinligini alohida ta'kidlash lozim.

“Jizzax Plastmassa” AJ zavodi O'zbekiston Respublikasi miqyosida xalq iste'moli mollari, polietilen quvurlar va polietilen plyonkalarini ishlab chiqarishda yirik korxona hisoblanadi. “Jizzax plastmassa polietilen quvurlari zavodi” 1960 yillarda loyihalashtirilgan bo'lib, 1972 yil 15 dekabrda birinchi bo'lib polietilen plyonkasi agregati ishga tushirilgan. 1973 yil mart oyida esa “Jizzax plastmassa polietilen quvurlari zavodi”  ishga tushirilganligi to'g'risida dalolatnoma imzolangan.

“Jizzax Plastmassa” aksiyadorlik jamiyati O'zbekiston Respublikasi kimyo sanoatida yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Asosan plastik xom-ashyoni qayta ishlash asosida uzluksiz shnekli ekstruziya usulida quvurlar va plenkalar, bosim ostida quyish va puflash (vыduvanie) orqali mahsulotlar ishlab chiqariladi.

1973 yilda birinchi mahsulotlar – mashinasozlik korxonalariga butlash mahsulotlari va qishloq xo'jaligiga polietilen plenkalari ishlab chiqarildi. 1973-1975 yillarda quyma mashinalar o'rnatilib, xalq iste'mol mollari: har xil ko'rinishdagi kashpo (gultuvak solib qo'yiladigan bezakli vaza), tarelkalar, non solinadigan idishlar, chelaklar, tog'aralar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Shu bilan birgalikda, 1976 yilda polietilendan bosimga chidamli har xil diametrdagi quvurlar ishlab chiqarila boshlandi. 1996 yilda “O'zkimyosanoat” DAK ta'sischiligida “Jizzax Plastmassa” aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi.

 Mustaqillik yillarida “Jizzax Plastmassa” aksiyadorlik jamiyatida ekologik jihatdan jahon standartlariga to'la javob beradigan zamonaviy texnologik uskunalar o'rnatildi.

Eng yirik aksiyadorlar - 66,20% ulushga ega davlat, “O'zkimyosanoat” AJ 27,12% ulushga ega va kompaniya Ustav kapitalining 6,68% ulushiga ega boshqa aksiyadorlar.

“Jizzax Plastmassa” AJ Ustav kapitalining 25% miqdordagi ulushi IPO orqali amalga oshiladi, bu esa 1 140 246 aksiyani tashkil etadi. Aksiyadorliklar joylashtirilgandan so'ng aksiyalar umumiy soni 5 701 231 donaga yetadi. Bir kishi 11,402 aksiyalarini sotib olishi mumkin, bu taklifning 1% ni tashkil etadi.

Loyihada xorijiy sarmoyadorlar ham, jismoniy va yuridik shaxs bo'lgan yurtdoshlarimiz ham ishtirok etishlari mumkin.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati