Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha PQ-330-sonli qaror aholi turmush farovonligini oshirish, eng muhimi, “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishda muhim qadam boʻldi.
Mazkur qaror ijrosi doirasida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanidagi “Ishtirxon”, “Yangiobod” va “Suvliariq” mahallalari biriktirildi. Jamiyatning ishchi guruhi mazkur hududlarda aholining bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan qator amaliy ishlar olib bordi.
Xususan, jamiyat homiyligida ogʻir toifadagi mahallalardan ijtimoiy himoya reyestrida roʻyxatda turgan 24 nafar ehtiyojmand oilaga 5,0 kVtli quyosh panellari oʻrnatib berildi. Bu nafaqat ekologik toza energiya manbasidan foydalanish imkonini berdi, balki oilalarning oylik xarajatlarini ham kamaytirishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, 33 ta elektropech, 12 ta kompressor qurilmasi, 15 ta oʻt oʻradigan uskuna, hamda 15 ta kichik dori sepadigan apparatlar ehtiyojmand fuqarolarga taqdim etildi. Natijada, ishsiz aholi vakillari uchun daromad manbai yaratildi, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashildi.
Taʼkidlash joiz, bu xayrli ishlar bir martalik aksiya emas, balki keng qamrovli ijtimoiy islohotlarning bir qismidir. Jamiyat kelgusida ham mahallalardagi infratuzilmani yaxshilash, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalariga koʻmaklashish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash kabi yoʻnalishlarda ham ishlarni davom ettiradi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati