"O'zkimyosanoat" AJ

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar tomonidan mineral o'g'itlarga bo'lgan ichki talab to'liq qondiriladi

// 21.04.2021
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/ichki-talab

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mineral o'g'itlarning savdosini O'zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali amalga oshiradi. Birja savdolariga qo'yilgan mahsulotlarning sifati korxonalar tomonidan kafolatlanadi.

Joriy yilda “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan g'alla hosili uchun fermer, klaster va dehqon xo'jaliklariga talab qilingan azotli mineral o'g'itlar agrotexnik tadbirlar davrida ta'minlandi. Jumladan, 760 ming tonna azotli mineral o'g'itlar qisqa davr ichida realizatsiya qilindi va yetkazib berildi.

Bundan tashqari bu yilgi paxta hosili uchun ham 180 ming tonna azotli o'g'itlar yetkazib berilib, zaxira yaratildi. Joriy yilning 1 iyuligacha paxta hosili uchun yana 520 ming tonna azotli o'g'it yetkazib berilishi uchun barcha choralar ko'riladi. Shu bilan birga boshqa ekinlar uchun ham 56,4 ming tonna azotli o'g'itlar ichki bozorga yetkazildi.

Mavjud quvvatlardan kelib chiqib ta'kidlash lozimki, azotli o'g'itlar resursi yetarli, kerak bo'lsa eksportni qisqartirib bo'lsa ham ichki talab to'liq qondirilishini ma'lum qilamiz.

Oxirgi 2-3 kunda birjada narxlarni asossiz ko'tarib yuborilayotganligi kuzatilmoqda. To'g'ri 2021 yil 15 aprel kuni “Navoiyazot” korxonasining Ammiak va karbamid ishlab chiqarish majmuasi xorijiy litsenziarlar talabiga ko'ra rejali to'xtatildi. Shuningdek, “Farg'onaazot” korxonasi avariya holatda to'xtaganligi sababli birjaga azotli o'g'itlarni kunlik chiqarish xajmi sezilarli darajada kamaydi. Ushbu nokulayliklar uchun uzr so'raymiz va iste'molchilarni sarosimaga tushmasliklarini iltimos qilamiz. Chunki ushbu holat iste'molchilarning sarosimaga tushishiga arzimaydi.

“Navoiyazot” AJ 19 apreldan ishga tushirildi va korxona bosqichma-bosqich to'liq quvvatga tushdi. Huddi shunday avariya holatida to'xtagan “Farg'onaazot” korxonasida ham mutaxassislar tomonidan kechayu-kunduz ta'mirlash ishlari olib borilmoqda va 23-24 aprel kunlari ishga tushirilishi ko'zda tutilmoqda.

Natijada kelayotgan xaftaning dushanba kunidan boshlab uchta azot ishlab chiqaruvchi korxonalardan kunlik 10 ming tonna ya'ni 150 vagonga yaqin azotli o'g'itlar birja savdolariga chiqariladi bu bir oyda 300 ming tonna degani. Shuning uchun sizlarga shuni ta'kidlamoqchimiz, bu yilda azotli o'g'itlarning yetishmovchiligi kuzatilmaydi. Eng ko'p o'g'it talab qiladigan paxta hosilini to'liq ta'minlash uchun yana 520 ming tonna o'g'it yoki 52 kun kerak bo'ladi, ya'ni korxonalarimiz tomonidan o'z vaqtida ta'minlab beriladi.

Shu o'rinda mineral o'g'itlarning narxlarini mavsumda ko'tarilishi haqidagi fikrlar asossiz ekanligini ta'kidlab o'tmoqchimiz. Tajribadan kelib chiqib shuni aytish joizki, birja savdolarida mineral o'g'itning narxini sun'iy oshirib, qimmat narxlarda sotib olgan xaridorlar, keyin katta miqdordordagi shartnomalarni jarimasiz bekor qilishni so'rab murojaat etganlar ko'pchilikni tashkil qiladi. Misol uchun joriy yilning mart oyida
24,9 mlrd. so'mlik 10,5 ming tonna ammiakli selitra va karbamid mineral o'g'itlari qimmat olib qo'yilib, keyinchalik jarima qo'llangan holda bir nechta shartnomalar bekor qilingan va hozirgi kunda ham bunday holat uchrab turibdi.

Yuqorida holatlarni oldini olish hamda qalbaki mahsulotlardan saqlanish maqsadida qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga mineral o'g'itlarni ishlab chiqaruvchi korxonalardan, birja savdolari orqali xarid qilishni tavsiya etamiz.

O'zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi “O'zkimyosanoat” AJ savdo maydonchasi orqali tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar savdosi bo'yicha barcha ma'lumotlarni www.uzkimyosanoat.uz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi https://t.me/uzkimyosanoat va https://www.facebook.com/uzkimyosanoat/ rasmiy sahifalari orqali olishingiz mumkin.

Mahsulotlarni yetkazib berish va ularning sifat darajasi bo'yicha taklif va e'tirozlaringiz bo'lsa, (78) 140-74-48 ishonch telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati